Jahon | 09:53 / 27.04.2024
4202
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya va Fransiya MGCS tankini ishlab chiqarishga qaror qildi

2040 yildan boshlab ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan yangi avlod nemis-fransuz tankini yaratish loyihasi mudofaa vazirlari tomonidan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolanganidan so‘ng amalga oshirilishga bir qadam yaqinlashdi.

Boris Pistorius va Sebasten Lekornyu Foto: Thomas Samson/AFP/Getty Images

Germaniya va Fransiya yangi avlod MGCS (Main Ground Combat System) tankini ishlab chiqish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirish yo‘lida yana bir muhim qadam tashladi. 26 aprel, juma kuni Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius va uning fransiyalik hamkasbi Sebasten Lekornyu Parijda ikki davlat mudofaa korxonalari o‘rtasida mas’uliyatni teng taqsimlashni nazarda tutuvchi anglashuv memorandumini imzoladi.

«Bu yana bir muhim bosqich», dedi Pistorius. Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya va Fransiya 2017 yilda boshlagan qo‘shma loyiha ikki davlatning «chuqur aloqasi va do‘stligi»ni ta’kidlaydi. Gap mavjud tanklarni yanada rivojlantirish haqida emas, balki «butunlay yangi narsa» haqida ketyapti, dedi Germaniya Mudofaa vazirligi rahbari. Uning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish «imkoniyatlar bo‘yicha aniq sifat ustunligi»ni bildiradi. 

Loyiha ishtirokchilarining majburiyatlari aniq qanday taqsimlanishi haqida xabar berilmagan. Biroq, Lekornyu fikricha, bu imzolangan kelishuvning eng muhim jihati emas. «Eng muhimi, Germaniya va Fransiya 2040 yilda bir xil tankka ega bo‘ladi», dedi u. 

KNDS Fransiya-Germaniya holdingidan tashqari, Rheinmetall, Thales va boshqa ko‘plab kompaniyalar loyihada ishtirok etadi, dedi Fransiya mudofaa vaziri. «Biz pragmatik yondashuvni qabul qilamiz va har bir soha taklif etadigan eng yaxshisini qidiramiz», deb qo‘shimcha qildi Lekornyu. 

Mavzuga oid