O‘zbekiston | 08:12 / 27.04.2024
15462
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda o‘rik pishdi

Termiz tumanida barpo etilgan o‘rikzorlarda ekinlar barvaqt hosilga kirdi.

Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi

Surxondaryo viloyati Termiz tumanida o‘rik pishdi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, tumandagi MChJ tomonidan barpo etilgan o‘rikzorlarda innovatsion texnologiyani muvaffaqiyatli qo‘llanishi hisobiga ekinlar barvaqt hosilga kirdi.

2020 yilda tashkil etilgan korxonada o‘tgan qisqa vaqt ichida qariyb 102 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish orqali o‘rik (mikado, magadant, kaloroda, maykod, lidegod, sinishkod, rubitsa, kasinko, radova) va shaftoli (nektar) parvarishlash yo‘lga qo‘yildi.

Ertapishar va hosildor bu mevalarning ko‘chati xorijdan keltirilgan bo‘lib, yer va iqlimga tezda moslashdi.

Bugun MChJ bog‘larida o‘rik g‘arq pishgan. Hosilni yig‘ib olishni boshlagan bog‘bonlar xalqaro standartlarga to‘la javob beradigan darmondoriga boy ne’matni Rossiyaga eksport qilishga ham kirishdi.

Hozirda 600 nafar mavsumiy va 16 nafar doimiy ishchi o‘rni yaratilgan korxonada hosilni yig‘ishtirish, saralash va qadoqlash ishlari jadal olib borilmoqda. Ko‘chatlar 3-4 yillik bo‘lgani sabab, gektaridan qariyb 25 tonnadan hosil olinmoqda.

Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, kelgusida 80-100 tonnagacha hosil olish rejalashtirilgan bo‘lib, birgina joriy yil mavsum davomida o‘rikning o‘zidan qariyb 1500 tonna atrofida hosil olish va chet davlatlarga eksport qilish ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid