O‘zbekiston | 11:48 / 28.04.2024
10049
2 daqiqa o‘qiladi

Hududlarda tabiiy resurslardan qarzdorliklarni yo‘q qilib bermoqchi bo‘lgan mas’ullar ushlandi

Andijonda elektr tarmoqlari korxonasi elektromontyori, Toshkentda suv ta’minoti tashkilotining inspektori, Samarqandda “Hududgaz” xodimi ushlangan.

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning xabar berishicha, uning hududiy bo‘limlari va DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda joylarda tabiiy resurslardan qarzdorliklarni yo‘q qilib bermoqchi bo‘lgan mas’ullar ushlangan.

Jumladan, departamentning Xonobod shahri bo‘limi va DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Xonobod ETK elektromontyori Sh.K. “B.X.” MChJning kafe binosida elektrdan noqonuniy foydalangani holati bo‘yicha hisoblangan 32 mln so‘m zararni tanishlari yordamida 2 mln so‘mgacha kamaytirib berishi evaziga 300 dollar olgan vaqtida ushlangan.

Departamentning Uchtepa tuman bo‘limi DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Toshkent shahar suv ta’minoti” AJning Uchtepa tuman bo‘limi inspektori A.B. fuqaro K.D.ning xonadonida ichimlik suv ta’minotidan 7 mln so‘m qarzdorligini yo‘q qilib berishi evaziga 5 mln so‘m olgan vaqtda ushlangan.

Departamentning Jomboy tuman bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa, “Hududgaz-Samarqand” GTF tuman bo‘limi xodimi S.Q. fuqaro M.M.ning ishonchiga kirib, uning xonadonini gaz tarmog‘iga qayta ulab, hujjatlarini rasmiylashtirib berishi evaziga 250 dollar olgan vaqtida ushlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid