Jahon | 20:53 / 29.04.2024
8194
2 daqiqa o‘qiladi

Shotlandiyaning birinchi musulmon bosh vaziri Yusuf iste’foga chiqdi

Shotlandiya milliy partiyasi (SNP) va uning koalitsiya bo‘yicha sherigi Shotlandiya Yashillar partiyasi o‘rtasidagi hokimiyatni taqsimlash kelishuvi yakunlangach, Hamza Yusuf bosh vazirlik lavozimini tark etadigan bo‘ldi.

Foto: Anadolu

Shotlandiya mintaqaviy bosh vaziri va Shotlandiya milliy partiyasi (SNP) rahbari Hamza Yusuf iste’foga chiqdi. U bosh vazirlik lavozimi va partiya rahbariyatini tark etishini ma’lum qildi.

Yusuf SNP partiyasi va uning koalitsiya bo‘yicha sherigi Shotlandiya Yashillar partiyasi o‘rtasidagi hokimiyatni taqsimlash kelishuvi o‘tgan hafta yakunlanganini eslatdi. Shuningdek, hokimiyatni saqlab qolish uchun o‘z tamoyillaridan voz kechmasligini aytdi.

«Siyosatchilar o‘rtasidagi munosabatlarning tiklanishi faqat lavozimda boshqa shaxs bo‘lgan taqdirdagina mumkin, degan xulosaga keldim», dedi Yusuf va voris saylanmaguncha o‘z lavozimida qolishini ta’kidladi.

Uning aytishicha, Shotlandiya mintaqaviy bosh vaziri lavozimida ishlash o‘zi uchun katta sharafdir. Siyosatchi Shotlandiyaning Buyuk Britaniyadan mustaqil bo‘lishi juda yaqin bo‘lgan bir paytda iste’foga chiqayotganini ta’kidladi.

Yusuf Buyuk Britaniya bosh vaziri hindu, London meri musulmon, mintaqaviy Uels bosh vaziri esa afrikalik ekanini eslatdi. Uning qayd etishicha, mamlakatda multikulturalizm barbod bo‘ldi, deganlarning tezislari bu holat bilan inkor etiladi.

2023 yil 27 martda Shotlandiyaning sobiq bosh vaziri va SNP rahbari Nikola Styorjyen iste’foga chiqishi ortidan boshlangan yetakchilik poygasida g‘olib chiqqan Yusuf ikki kundan so‘ng qasamyod qildi va 29 mart kuni rasman o‘z lavozimiga kirishib, Shotlandiyaning birinchi musulmon bosh vaziri bo‘lgan edi.

Hamza Yusufning otasi asli pokistonlik, 1960-yillarda Shotlandiyaga ko‘chib kelgan, onasi esa Keniyada, janubiy osiyoliklar oilasida tug‘ilgan.

Mavzuga oid