Sport | 16:30 / 30.04.2024
12518
2 daqiqa o‘qiladi

Abduqodir Husanov va Hojimat Erkinov klubi ixtiyoriga qaytdi

O‘zbekiston olimpiya jamoasining ikki a’zosi – Abduqodir Husanov va Hojimat Erkinov Yaponiyaga qarshi Osiyo kubogi U23 finalida o‘ynamaydigan bo‘ldi.

Abduqodir Husanov

O‘FA Qatar maydonlarida o‘tayotgan U23 Osiyo kubogida barcha legionerlarimizni olimpiya jamoamizga jalb etishga muvaffaq bo‘lgan edi. Xususan, Abduqodir Husanov va Hojimat Erkinovning klublari bilan asosiy vazifaga qadar — Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi. Shu sababli, ushbu ikki futbolchi o‘z jamoalari tarkibidagi navbatdagi muhim o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun klublari safiga yo‘l olmoqda.

«O‘FA ushbu tarixiy vazifani qayd etishda legionerlarimizning terma jamoamiz ixtiyoriga yetib kelishida ko‘maklashgani uchun «Lans» va «Al-Vahda» klubiga minnatdorchilik bildiradi», - deyiladi tashkilot xabarida.

Ma’lumot uchun, ushbu turnir FIFA shafeligidagi musobaqa emasligi va FIFA kunlarida o‘tmayotgani sababli klublar o‘z o‘yinchisini olimpiya jamoalariga qo‘yib yuborishga majbur emas. Final 3 may kuni bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid