O‘zbekiston | 21:14 / 30.04.2024
3528
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning yangi elchisi Singapur prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

Alisher Qayumov Singapur prezidenti Tarman Shanmugaratnam bilan uchrashdi. 

Foto: dunyo.info

O‘zbekistonning yangi tayinlangan favqulodda va muxtor elchisi Alisher Qayumov Singapur prezidenti Tarman Shanmugaratnamga ishonch yorliqlarini topshirdi. 

O‘zbekiston elchisi sharafiga hukumatning Istana qarorgohida faxriy qorovul saf tortdi. 

Ta’kidlanishicha, Qayumov Singapur prezidenti bilan suhbat chog‘ida 2023 yilda amalga oshirilgan oliy darajadagi o‘zaro tashriflardan so‘ng alohida jadallik kasb etgan ko‘p qirrali O‘zbekiston-Singapur hamkorligining bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildi. 

O‘zbekistonning xalqaro biznes, jumladan, singapurliklar uchun jozibadorligi tobora ortib borayotgani, buning yaqqol isboti sifatida Singapur parlamenti spikeri boshchiligidagi va 25 dan ortiq ushbu davlat kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiyasi bo‘lajak Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishi qayd etildi. 

Alisher Qayumov Singapurga mart oyi o‘rtalarida tashrif buyurdi. U O‘zbekistonning Singapurdagi (2018–2024) va Avstraliyada (2022–2024) o‘rindoshlik asosidagi elchisi (qarorgohi Singapurda) bo‘lib ishlagan Qahramon Shokirov o‘rniga tayinlandi. Yangi elchi Singapurga tayinlanishidan oldin O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasida maslahatchi bo‘lib ishlagan.

Mavzuga oid