O‘zbekiston | 11:22 / 02.05.2024
4544
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident: Jahonda investorlar uchun mislsiz kurash ketyapti

Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, o‘zaro ishonch va hurmat ruhi, bir-birini qo‘llab-quvvatlash tamoyili uzoq muddatli hamkorlikning mustahkam ustuni bo‘lib qolaveradi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi boshlandi. Ayni daqiqalarda yalpi sessiyada prezident nutq so‘zlamoqda.

Prezident bugungi anjuman global geosiyosiy va iqtisodiy muammolar avj olayotgan, barqaror rivojlanish yo‘lida xavf va tahdidlar kuchayib borayotgan davrga to‘g‘ri kelayotganini qayd etdi.

Dunyo tartibotida chuqur transformatsiya jarayonlari kechmoqda. Tovar va xizmatlarni yetkazib berish zanjirlaridagi uzilishlar, xalqaro savdoning pasayishi, investitsiya oqimlarining kamayishi, iqlim ofatlarining kuchayishi – vaziyat naqadar beqaror va zaif ekanini yaqqol ko‘rsatmoqda.

Jahon iqtisodiyotining o‘sish sur’atlari so‘nggi uch yil davomida pasaymoqda. To‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar bilan bog‘liq tendensiyalar ham kutilgan umidlarni oqlamayapti. 

“Albatta, biz bugun jahonda investorlar uchun mislsiz kurash ketayotganini yaxshi tushunamiz. Biroq bir o‘zgarmas haqiqat tobora oydinlashmoqda. Hech bir mamlakat bu kabi o‘tkir muammolarni yakka holda hal eta olmaydi. O‘zaro ishonch va hurmat ruhi, bir-birini qo‘llab-quvvatlash tamoyili uzoq muddatli hamkorlikning mustahkam ustuni bo‘lib qolaveradi”, - dedi prezident.

Mavzuga oid