Jahon | 23:45 / 03.05.2024
5778
2 daqiqa o‘qiladi

Husiylar O‘rtayer dengizida Isroilga ketayotgan kemalar o‘qqa tutilishini e’lon qildi

Hozirgacha husiylar O‘rtayer dengizidagi kemalarga hujum qilishga urinmagan, chunki hudud Yaman isyonchilari bazalaridan ancha uzoqda joylashgan. Ular Adan ko‘rfazi va Qizil dengizda kemalarga hujum qilayotgan edi.

Foto: PA

Yaman husiylari Isroilga qarshi operatsiyaning yangi bosqichini boshlamoqda, jumladan, O‘rtayer dengizida bu davlatga suzib ketayotgan kemalarga hujum uyushtirmoqchi. Bu haqda isyonchilar matbuot kotibi general Yahyo Soriy xabar berdi.

«Qurolli kuchlarimiz eskalatsiyaning to‘rtinchi bosqichi boshlanganini e’lon qiladi. Bu, birinchidan, Isroilga kemalarning o‘tishiga qo‘yilgan taqiqni buzgan va O‘rtayer dengizi orqali Falastin portlariga yo‘l olgan barcha kemalarga hujumni o‘z ichiga oladi», deb Soriy so‘zlarini keltirdi Interfax.

Hozirgacha husiylar O‘rtayer dengizidagi kemalarga hujum qilishga urinmagan, chunki hudud Yaman isyonchilari bazalaridan ancha uzoqda joylashgan. Ular Adan ko‘rfazi va Qizil dengizda kemalarga hujum qilayotgan edi.

Soriy agar Isroil Rafahda harbiy operatsiya boshlasa, husiylar Isroilga yo‘l olgan kemalarga nisbatan yanada qattiqroq choralar ko‘rishga tayyorligini aytdi.

2023 yil 7 oktyabrda HAMAS Isroilga hujum qilganidan keyin, bunga javoban Isroil G‘azo sektorida harbiy operatsiyani boshladi. Shundan so‘ng, ayni damda Yamanning salmoqli qismini, jumladan, poytaxt Sana, shuningdek, Saudiya Arabistoni yaqinidagi mamlakatning ba’zi shimoliy va g‘arbiy hududlarini nazorat qilayotgan husiylar Qizil dengizdagi kemalarni o‘qqa tuta boshladi. Bunga javoban AQSh va Buyuk Britaniya Yamandagi husiylarning bazalari va inshootlariga muntazam ravishda zarbalar bermoqda.

Mavzuga oid