Jamiyat | 19:14 / 03.05.2024
58617
5 daqiqa o‘qiladi

“Odamni itdan balandroq ko‘rishni boshlamas ekan, ayolim poyezdga chiqmaydi” – jurnalist “O‘zbekiston temiryo‘llari” haqida

“Nukus–Samarqand” yo‘nalishida poyezdda yo‘lovchi sifatida kelgan jurnalist Isomiddin Po‘latov “platskart”dagi sharoitlar haqida yozib, vagonlardagi manzarani qo‘rqinchli tushga o‘xshatdi. “O‘zbekiston temiryo‘llari” bu haqda o‘ylaguncha asrlar o‘tib ketmasa bo‘ldi. Chunki “katta”larning xotini, qizlari bu vagonlar haqida tasavvurga ega emas, deb yozadi u.

“Jomboy tongi” gazetasi bosh muharriri Isomiddin Po‘latov o‘zbekistonliklarga ayoli va qizini poyezdga chiqarmaslikni tavsiya qildi. U bunga sabab sifatida poyezdlarning “platskart” vagonlarida sharoit yo‘qligini keltirgan

“Menga “Samarqand–Nukus”, “Nukus–Samarqand” yo‘nalishi bo‘yicha poyezdga chipta buyurtma qilishdi. Ochig‘i, tadbir belgilab bo‘lingan, shu chiptani topishning ham o‘zi bo‘lmadi. Uzoq yo‘l, taksida borish va tadbirlarda ishtirok etish odamni toliqtiradi.

Xullas, qaydasan Qoraqalpog‘iston, deb yo‘lga tushdim. Doim ham poyezdda yurgan odam emasman, “ichkaridagi hayot”ni bilmayman.

Kupening yuqori qavatidan joy buyurtma qilishgan ekan. Meni chaqirayotgan mezbon mas’ulning istihola bilan chiptani elektron tashlaganini keyin angladim: “platskart” bo‘lib qoldi-da”, deb qo‘ydi.

Kupening ikkinchi qavatiga chiqib joylashish erkak kishi uchun ham azob. Ayollarni qo‘yavering. Tor, deyarli harakatlana olmaysiz. Masalan, Samarqanddan Nukusga bormoqchimisiz, shu alfozda 12 soatdan ortiq yurasiz. Toshkentdan yo‘lga chiqsangiz qariyb bir yarim kun. Qamoq!

Bu uzoq masofada telefon zarurati bo‘ladi, albatta. Quvvati o‘tirib qolish ehtimoli yuqori. Vagonda quvvatlash uchun sharoit yo‘q. Juda muhtoj bo‘lsangiz, hojatxonaga kirib, telefonni quvvatlab olasiz. Ajoyib-a?! Siz hojatxonada telefon quvvatlayapsiz, qolganlar tashqarida sizni intiq kutishyapti.

Hamrohlarimning aytishicha, qaysidir qimmatroq vagonlarda quvvatlash uchun sharoit bor ekan. O‘sha gap, majburan yo pulingiz kamroq bo‘lgani uchun chipta oldingizmi, chidaysiz. Siz odam emassiz. Past tabaqasiz. Qarang, atigi zaryadlash qurilmasi... Qadringga yig‘laging keladi odam.

Hojatxonada qog‘oz yo‘q. Bir marta qo‘yiladi, qo‘pol bo‘lsayam ulgurib qolsangiz baxtingiz.

Poyezdga masalan, men ayolim yo qizim bilan chiqmayman. “O‘zbekiston temiryo‘llari” odamni itdan balandroq ko‘rishni boshlamas ekan, ayolim poyezdga chiqmaydi.

Uzoq yo‘l. Hamma biroz hordiq chiqarishni istaydi. Issiq. Ayolmi-erkakmi, cho‘zilib yotadi. Yengilroq kiyinadi, vagon bo‘ylab harakatlanadi. Xunuk manzara. Ko‘zingiz chidamaydi. Ayollar, qizlar noqulay holatda yotib ketishga majbur. Kupelar yopilmagan, bir ayolning noqulay holatda yotganini butun vagondagi erkaklar bemalol tomosha qiladi.

Negadir odamlar vagonga kirgan zahoti uyatni unutadigandek. Majburlik va ozgina befarosatlikdan deb o‘yladim buni.

To‘g‘ri, vagon issiq, sovitish tizimi yo‘q. Lekin hayo terlab ketishdan, noqulaylikdan balandroq narsa. “O‘zbekiston temiryo‘llari” bu haqda o‘ylaguncha asrlab o‘tib ketmasa bo‘ldi. Chunki “katta”larning xotini, qizlari bu vagonlar haqida tasavvurga ega emas. Qo‘rqinchli tush bu joy.

Xullas, anavi kupening ikkinchi qavatiga chiqishni istamasangiz, “provodnik”larga murojaat qiling. Ular sizga qaysidir vagondan joy topib berishadi. Kupening past qavatida ketish uchun yana 150 ming to‘laysiz. Ko‘nsangiz shu, bo‘lmasa yo‘qoling!

Yetmishlarga yaqinlashgan onaxon Navoiy vokzaliga kelganda “Joyim tepada, o‘g‘lim, pastda bo‘lsangiz almashaylik. Hozir zo‘rg‘a pastga tushib oldim. Hamma yerim qaqshayapti”, deya noliyapti. Men nafas olishga qiynalgan kovakda uning holi nima bo‘lganini tasavvur qildim. U Toshkentgacha ketishi kerak.

Eng ajoyibi endi: 2024 yil 2 may kuni Nukusdan qaytishda, Xorazm viloyatining allaqayeridadir cho‘lda poyezd buzilib qoldi. Taxminan soat 20:10 lar edi. Aloqa yo‘q. Qariyb 40 daqiqa davomida yordamchi parovoz kelishini kutdik. U bizni sudrab, ma’lum masofaga olib bordi. Yana 20 daqiqa urinishlardan so‘ng, biz yurdik. Na kimdir izoh berdi, na tashkilot nomidan uzr so‘raldi”, deb yozgan Isomiddin Po‘latov.  

Jurnalistning qo‘shimcha qilishicha, poyezd Samarqandga 3 may kuni soat 1:43 da yetib kelishi kerak bo‘lgan. Ammo u soat 3:43 kelgan. Naqd ikki soat kech kelgani uchun hech kim izoh bermagan.

Mavzuga oid