«Chelsi» derbida 5 ta javobsiz gol urdi, «Liverpul» ayovsiz qasos oldi. APLda kun o‘yinlari
Pochettino jamoasi yevrokuboklar uchun kurashda qolmoqda, «Tottenhem» YeChLdan umid uzmoqda.
«Chelsi» APLning 36-turida «Vest Hem»ni tor-mor etdi (5:0) va yevrokuboklar yo‘llanmasi uchun imkoniyatlarini oshirdi
«Chelsi» – «Vest Hem» 5:0
Gollar: 1:0 – 15 Palmer, 2:0 – 30 Gallaxer, 3:0 – 36 Madueke, 4:0 – 48 Jyekson, 5:0 – 80 Jyekson.
«Chelsi» – Petrovich, Chaloba (Gyusto, 83), Tiago Silva (Disasi, 82), Badyashil, Kukurelya, Gallaxer, Mudrik (Nkunku, 76), Palmer (Gilkrist, 89), Kaysedo, Madueke (Kazadei, 76), Jyekson.
«Vest Hem» – Areolya, Tsoufal, Ogbonna, Zuma, Emerson, Souchek, Lukas Paketa (Kressuell, 76), Alvares (Uord-Prouz, 46), Qudus, Bouen, Antonio (Ingz, 70).
Ogohlantirishlar: Ogbonna (34), Kukurelya (38), Emerson (44), Lukas Paketa (45+2).
«Chelsi» o‘z maydonida «Vest Hem»ga qarshi derbi o‘yinida ishonchli g‘alabaga erishdi. O‘yin taqdiri birinchi bo‘limdayoq hal bo‘lgandi – mezbonlar tanaffusgacha hisobni 3:0 ko‘rinishiga keltirdi. Avvaliga Palmer APLning bu mavsumidagi 21-golini urdi va to‘purarlar poygasida ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi (Holandda – 25 gol). Keyin Gallaher raqib jarima maydonidagi rikoshetdan foydalanib, darvozani ishg‘ol etdi. Keyin esa burchak zarbasi amalga oshirilganida Tiyago Silva to‘pni boshi bilan o‘tkazib berdi va Madueke o‘z imkoniyatidan aniq foydalandi.
Nikolas Jyekson APLda vaziyatlardan foydalana olmaslik bo‘yicha uchlikdan o‘rin olgan, ammo tanaffusdan keyin u dubl rasmiylashtirdi. Avvaliga Chaloba himoyachilar orasidan to‘pni jarima maydoniga yetkazib berdi, keyin esa Madueke o‘zi ham gol urishi mumkin bo‘lgan vaziyatda to‘pni Jyeksondan qizg‘onmadi. O‘yin oxirida Jyekson yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketib, aniq zarba berdi. Bu vaziyatda qanot hakami bayroqchasini ko‘tardi, ammo videotakrordan keyin hujumchi to‘g‘ri holatda to‘pni qabul qilib olgani oydinlashdi va gol inobatga olindi.
Bu derbida Bouen o‘ziga xos natija qayd etdi. «Vest Hem» vingerining uchta zarbasi darvoza to‘siniga tegdi. O‘z navbatida, «Chelsi» sardori Gallaher ham bir bor to‘sinni poyladi.
E’tiborli tomoni, bu «Chelsi»ning mavsumdagi eng yirik g‘alabasi emas. 20 kun muqaddam Pochettino shogirdlari APLda «Everton» darvozasiga javobsiz 6 ta goll yo‘llagandi.
Fabritsio Romano ma’lumotiga ko‘ra, «Vest Hem» bu o‘yingacha ham bosh murabbiy Devid Moyyes mavsum yakunida klubni tark etishi bo‘yicha bir qarorga kelib bo‘lgandi. Pochettinoning ham klubdagi kelajagi savol ostida turibdi. The Telegraph ma’lumotiga ko‘ra, agar jamoa yevrokuboklardan biriga yo‘llanma ololmasa, argentinalik mutaxassis ishdan bo‘shatilishi aniq. Ammo «Chelsi» hozir yaxshi formada — jamoa APLdagi oxirgi 12 o‘yinida faqat bir bor mag‘lub bo‘lgan va yevrokuboklarga yo‘llanma beruvchi o‘rinlar uchun kurashda qolmoqda.
Pochettino jamoasida Chempionlar ligasi uchun imkoniyat yo‘q — to‘rtinchi o‘rindagi «Aston Villa» 13 ochkoga ilgarilab ketgan, londonliklarda esa faqat uchta o‘yin qolgan.
APLda dastlabki to‘rt o‘rin egalari YeChLga yo‘l oladi, beshinchi o‘rin egasi — Yevropa Ligasida qatnashadi. Yevrokuboklar uchun yana ikkita yo‘llanmaga Angliya Kubogi g‘olibi (Yevropa Ligasiga) va Liga kubogi g‘olibi (Konferensiyalar ligasiga) ega chiqadi. Ikkinchi turnir g‘olibligi fevral oyida «Liverpul» tomonidan qo‘lga kiritilgandi — mersisaydliklar finalda aynan «Chelsi» bilan o‘ynagan (overtaymdagi gol evaziga 1:0 hisobida g‘alaba qozongan). Ammo Klopp shogirdlari top-4 dan tushib ketmasligini kafolatlagan, shuning uchun Konferensiyalar ligasi uchun yo‘llanma chempionatning oltinchi o‘rinni egallagan jamoasiga beriladi — u yerda ayni vaqtda «Nyukasl» joylashgan.
«Chelsi»ning hozirgi yettinchi o‘rni ham yevrokubokka yo‘llanma berishi mumkin. 25 may kuni «Manchester Siti» va «Manchester Yunayted» o‘rtasida Angliya Kubogi finali o‘tkaziladi: «qizil iblislar» g‘alaba qozonsa, APLda qaysi o‘rinni egallashidan qat’i nazar Yevropa Ligasida ishtirok etadi. Agar sovrin baribir «shaharliklar»ga ketsa, unda chempionatdagi yettinchi o‘rin Konferensiyalar ligasiga, oltinchi o‘rin — Yevropa Ligasiga yo‘llanma beradi.
«Chelsi» derbidagi g‘alaba evaziga to‘plangan ochkolar soni bo‘yicha yettinchi o‘ringa ko‘tarildi, bitta ko‘proq zaxira o‘yiniga ega «MYu»da ham 54 ochko bor, ammo ularda to‘plar nisbati juda yomon (+11 ga qarshi +1). «Chelsi» yakunda yettinchi o‘rinda qolishi ehtimoli yuqori, chunki jamoa uchta o‘yini qolgan holda oltinchi o‘rindagi «Nyukasl»dan ikki ochkoga ortda qolmoqda, yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha esa «Manchester Yunayted»dan ham uch ochko orqada. Shu bilan birga, klub oltinchi pozitsiya uchun imkoniyat yo‘qotmagan, chunki ko‘klarda taqvim osonroq: «Forest» (safarda), «Brayton» (safarda) va «Bornmut» (uyda).
Eng qiyin taqvim «qizil iblislar»da: ular to‘rtta o‘yin o‘tkazishi kerak, shundan bittasi chempionlik uchun kurashayotgan «Arsenal»ga qarshi. Shuningdek, ko‘p narsa «Nyukasl» va «MYu»ning o‘zaro o‘yiniga bog‘liq bo‘ladi.
«Tottenhem» YeChLdan umid uzmoqda
«Liverpul» – «Tottenhem» 4:2
Gollar: 1:0 – 16 Saloh, 2:0 – 45 Roberson, 3:0 – 50 Gakpo, 4:0 – 59 Elliott, 4:1 – 72 Risharlison, 4:2 – 77 Son Hyonn Min.
«Liverpul» – Alisson, Aleksander-Arnold, van Deyk, Kuansa, Roberson (Gomes, 64), Endo (Baychetich, 65), Mak Allister (Gravenberh, 75), Elliott (Soboslai, 83), Saloh, Dias (Nunes, 75), Gakpo.
«Tottenhem» – Vikario, Porro, Romero, van de Ven, Emerson (Skipp, 61), Bentankur (Risharlison, 61), Bissuma, Sarr (Lo Chelso, 75), Kulusevski (Meddison, 61), Son Hyon Min, Jonson.
Ogohlantirishlar: Sarr (44), van de Ven (47), Emerson (57), Bissuma (63), Aleksander-Arnold (90+2).
«Liverpul»ning «Tottenhem»ga qarshi o‘yini – ajoyib mavsum o‘tkazgan, ammo yakunda baribir muvaffaqiyatsizlikka uchragan ikki jamoa to‘qnashuvi bo‘ldi. Birinchisi amalda chempionlik poygasini erta tark etdi, ikkinchisida Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun deyarli imkoniyat qolmadi.
Agar «Liverpul»ning o‘tgan turdagi o‘yini Klopp va 79-daqiqada zaxiradan tushirilgan Saloh o‘rtasidagi mojaro bilan yodda qolgan bo‘lsa, bu safargi o‘yinda misrlik hujumchi o‘yinni boshlang‘ich tarkibda boshladi. Saloh sakkizinchi daqiqadayoq darvoza ustunini mo‘ljalga oldi. Yana sakkiz daqiqa o‘tganidan keyin esa hisobni ochdi. U bu golni o‘ziga xos bo‘lmagan tarzda o‘tkir burchakdan bosh bilan zarba berish orqali amalga oshirdi.
Mezbonlar tanaffusga qadar yana gol urishdi. Bu hujumni o‘ng qanot himoyachisi Trent boshlab bergandi, chap qanot himoyachisi Roberson yakunladi. U Vikario Salohning yaqin masofadan yo‘llagan zarbasini qaytarganida to‘pga birinchi bo‘lib yetib keldi.
Ikkinchi bo‘lim boshidayoq «Liverpul» amalda o‘yin taqdirini hal qilib qo‘ydi. Gakpo Elliottning uzatmasidan keyin bosh bilan darvoza to‘rini ishg‘ol qildi. Keyin esa Elliottning o‘zi APL joriy mavsumidagi eng chiroyli gollardan birini urdi. Uning uzoq masofadan aylantirib yo‘llagan zarbasi darvoza to‘qqizligiga borib tushdi – 4:0.
Shundan keyin o‘yin tartibsiz tus oldi va mehmonlarda ham vaziyatlar yuzaga kela boshladi. Risharlison vaziyatdan foydalandi va qisqa vaqt ichida gol va golli pas mualifiga aylandi. O‘yinning oxirgi qismida deyarli har daqiqada ikki jamoa darvozalari yaqinida xavfli vaziyatlar yuzaga keltirildi. Trent hatto maydon markazidan gol urishga urinib ko‘rdi, u to‘pni darvozabon ustidan oshirib tashladi, ammo to‘p to‘sin ustidan ham oshib ketdi. Saloh darvozadan bir necha metr masofada to‘p bilan yolg‘iz qolganida ham gol ura olmaslikni uddaladi. Yakunda qandaydir mo‘jiza tufayli 4:2 hisobi o‘zgarmay qoldi.
«Tottenhem» qatorasiga to‘rt turda yutqazdi va «Villa»dan to‘plangan ochkolar bo‘yicha to‘rt, yo‘qotilganlari bo‘yicha yetti ochkoga ortda qolmoqda. Dastlabki 10 turdan keyin peshqadam bo‘lib turgan Posteko‘g‘li jamoasi mavsum yakuniga kelib Chempionlar ligasi yo‘llanmasidan quruq qolishi deyarli aniq. Bunday bo‘lmasligi uchun «shporlar» «Siti», «Byornli» va «Sheffild» bilan o‘yinlarda maksimal ochko to‘plashi, «Aston Villa» «Liverpul» va «Pelas»ga qarshi o‘yinlarda g‘alaba qozonmasligi kerak bo‘ladi.
«Liverpul»da esa faqat nazariy jihatdan chempionlik uchun imkoniyat saqlanib qolmoqda, buning uchun jamoa qolgan turlarda «Aston Villa» va «Vulverhempton»ni mag‘lub etishi, «Arsenal» va «Siti» qolgan o‘yinlarida g‘alaba qozonmasligini kutishi kerak bo‘ladi.
Mavzuga oid
12:33
Husanovning «o‘g‘irlangan» goli va Londonda tennischa hisob. Kun o‘yinlari
12:02 / 22.12.2024
«Barsa»da inqiroz, «Siti»da antirekord. Kun o‘yinlari
11:12 / 19.12.2024
«Real»da yangi sovrin, «Arsenal»ga hakamlar yordam berdi, Shomurodov gol urdi
12:24 / 16.12.2024