Jahon | 18:44 / 06.05.2024
15727
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonning eng boy odamlari ro‘yxati yangilandi 

Reytingda Kaspi texnologiya-moliya kompaniyasi rahbari Vyacheslav Kim 5,8 milliard dollarlik boyligi bilan yetakchilik qilmoqda. 

Vyacheslav Kim / Foto: kapital.kz

Forbes Kazakhstan nashri Qozog‘istonning 2024 yilgi eng badavlat 75 nafar odami ro‘yxatini e’lon qildi.

Unda 54 yoshli Vyacheslav Kim 5,8 milliard dollarlik davlati bilan yetakchilik qilmoqda. Tadbirkorning asosiy aktivi Kaspi texnologiya-moliya kompaniyasi bo‘lib, uning tarkibiga «Kaspi Magazin», «Kaspi Bank», «Kaspi Pay» va «Kaspi Travel» kiradi. Kim, shuningdek, Kolesa Group, «Alseko», «Allur Group», «Magnum» savdo tarmog‘i va boshqa kompaniyalarda ham ulushga ega. 

Ikkinchi o‘rinni 5 milliard dollarlik boyligi bilan 57 yoshli Timur Kulibayev egallab turibdi. U «Kazenergy» Qozog‘iston neft, gaz va energetika kompleksi tashkilotlari uyushmasi raisi hisoblanadi. Timur Kulibayev - Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning kuyovi, uning o‘rtancha qizi Dinara Kulibayevaning eri. 

Uchinchi o‘rinda 56 yoshli Dinara Kulibayeva, Qozog‘iston Xalq banki aksioneri, Nursulton Nazarboyevning qizi va Timur Kulibayevning xotini. Uning boyligi ham 5 milliard dollarga baholangan. Dinara Kulibayeva – Qozog‘istonning eng badavlat ayoli hisoblanadi. 

Forbes Kazakhstan TOP 10 reytingi quyidagicha:

- $5,8 mlrd - Vyacheslav Kim;

- $5,0 mlrd - Timur Kulibayev;

- $5,0 mlrd - Dinara Kulibayeva;

- $3,6 mlrd - Vladimir Kim;

- $3,3 mlrd - Timur Turlov;

- $2,7 mlrd - Bulat Utemuratov;

- $1,5 mlrd - Ibragimovlar oilasi;

- $0,98 mlrd - Nurlan Smag‘ulov;

- $0,97 mlrd - Sarsenovlar oilasi;

- $0,92 mlrd - Arsen Tomskiy.

Mavzuga oid