Iqtisodiyot | 19:26 / 07.05.2024
7197
9 daqiqa o‘qiladi

Qat’iy belgilangan AOS saqlanib qolishi kerak - ekspert

Soliq qo‘mitasi aylanmadan olinadigan soliqning qat’iy belgilangan miqdorini bekor qilmoqchi. O‘zi yaqinda prezident tashabbusi bilan joriy etilgan bunday tartib ko‘plab tadbirkorlarga qora bozordan oq bozorga o‘tish uchun ko‘prik vazifasini bajargandi. Keyingi bosqichda ularga buxgalteriya bilan ishlashni o‘rgatish kerak edi, deydi soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov.

O‘zbekiston hukumati yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga qaratilgan rejalarni ishlab chiqdi. Bu rejalar qatoriga kiritilgan, Soliq qo‘mitasiga qo‘shimcha vakolatlar berish haqidagi normalar jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lyapti. Tegishli qaror loyihasi tanqidlardan keyin ochiq muhokamaga qo‘yiladigan bo‘ldi.

Kun.uz bu loyihaning aksariyat bandlariga qarshi chiqqan Prezident huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi a’zolari – soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov va tadbirkor Faxriddin Ilyosov bilan suhbatlashib, e’tirozlar nimadan iborat bo‘layotganiga qiziqdi.

Hujjat loyihasida qat’iy belgilangan aylanmadan olinadigan soliq bekor qilinishi taklif qilinyapti, bu borada fikringiz qanday?

Murod Muhammadjonov: — Qat’iy belgilangan aylanmadan olingan soliq yaxshi joriy qilindi. Biznesga kira olmaydigan, biznes qilishga qo‘rqadigan odamlarni rasmiy biznesga olib kira oladigan yaxshi maydon bo‘ldi. Bunda ko‘pchilik ishlab ketdi, qo‘rqib ketishdi shekilli, endi bekor qilishmoqchi. Soliq organlarining o‘zi boshida bu yaxshi islohot ekanini isbotlash uchun tadbirkorlarni zo‘rlab bo‘lsa ham qat’iy belgilangan AOSga o‘tkazishdi. Bizga bu borada juda ko‘p murojaatlar kelardi. Bu balki noto‘g‘ridir, lekin biznes qilishda oq biznesga kiraman deydiganlar uchun bu yaxshi maydon bo‘ldi. Ko‘pchilik hujjat qilishim shart emas ekan dedi-da, firma ochib solig‘ini to‘lab, qonuniy ishlashga o‘tdi. Endi ikkinchi qadam ularga buxgalteriya bilan ishlashni o‘rgatish edi.

Bu narsaga Prezident huzuridagi kengashda ko‘p e’tirozlar bo‘ldi. Bu soliq turi qolishi kerak, u qora bozordan oq bozorga o‘tish uchun ko‘prik edi. Uni bekor qilish shu ko‘prikni olib tashlash bilan teng.

Loyihadagi bahsli normalardan biri QQS summasini qaytarish muddatini 60 kundan 75 kunga uzaytirish bilan bog‘liq. Ayni paytda qo‘shilgan qiymat solig‘ining salbiy farq summasi o‘rnini qoplab berish muddatini uzaytirish yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda qanday rol o‘ynashi borasida savol tug‘ilyapti. Bu borada sizning fikringiz qanday? Soliq qo‘mitasi o‘sha kungi yig‘ilishda bu norma qaysi argument bilan qo‘llab-quvvatladi?

Faxriddin Ilyosov: — Tekshirish muddatini uzaytirishmoqchi ekan, 60 kunda qo‘shimcha qiymat solig‘ini qaytishi uchun talab qilinadigan hujjatlarining asosliligini tekshirib tugatolmay, 75 kunda tekshirib tugatarkan. Hech qanaqa mantiq bo‘lmasa kerak bunda.

Jarimalar, javobgarlik faqat biznes tarafga qarab ketyapti. Hujjat bilan asoslab bera olaman, 2022 yil 15 dekabr kuni tashkilotimizga kameral tekshiruv chiqdi. Tashkilotimizni tekshirishdi, tekshiruv juda qattiq bo‘ldi, biri 10 mlrd so‘m topsa, nega 10 mlrd so‘m topding, deydi. Xuddi qancha topishi borasida aniq kriteriyalar bordek.

Murod Muhammadjonov: — Ha, segmentatsiya degan tuhmat bo‘limi bor edi.

Fahriddin Ilyosov: — Biz hamma hujjatlarni taqdim etib o‘zimizni oqladik. Qizig‘i, 15 dekabr kuni boshlangan tekshiruv 15 aprel kuni tugadi, ya’ni 4 oy davom etdi. Muddat buncha bo‘lishining iloji yo‘q. 4 oydan keyin nol tafovut topdik deb bizga akt yopib berdi. Agar men bir kun hujjat topshirishda kech qolsam, qancha chora bor. Lekin 4 oy tekshiruv qilgan tashkilotga chora yo‘q.

Murod Muhammadjonov: Juda bunaqa holatlar ko‘payib ketdi. Kameral tekshiruvga talabnoma beradi, 5 ish kunida javob berishingiz kerak. 6-ish kuni Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentidan chiqishadi, “mana buncha to‘lamayotgan ekansan, jinoyatchi ekansan” deb. Ular 4 oy tekshirishi mumkin, lekin siz bir kun kech qolsangiz, allaqachon jinoyatchisiz.

QQSni 60 kundan 75 kunga uzaytirish masalasi. Bu xufiyona iqtisodiyotga hech narsa bermaydi. Bu budjet taqchilligining oldini olish uchun qilinayotgan harakatlar. Muddat qancha ko‘p bo‘lsa, korxonalar qolgan tovarlarini realizatsiya qilish orqali QQSni “nachisleniye” qilishi mumkin, qancha ko‘p “nachisleniye” qilinadigan bo‘lsa, shuncha kam QQS qaytadi.

Misol uchun, men 1 mlrd so‘m pul qaytarmoqchiman, endi 60 kun tekshiriladi. Bu 60 ish kuni. Bir hafta 5 ish kunidan iborat bo‘lsa, bu tekshirish 15 hafta davom etadi. Salkam 4 oy ichida cho‘zib cho‘zib turilsa, 1 mlrd qo‘shimcha QQS hisoblab ham qo‘yishim mumkin. 400-500 mln so‘m hisoblaydigan bo‘lsam, menga qaytadigan farqini qaytarib beraman deydi. Budjet taqchilligining oldini olish uchun qilinayotgan xarajat bu. Umumiy tartibda aytilyapti, eksportga alohida 7 kunlik tartib bor. Mutaxassis sifatida QQSni qaytarishni 60 kundan 75 kunga cho‘zdimi, uni 1 yilga cho‘zgan taqdirda ham, to‘langan soliq qoldiqda turgan bo‘lsa, men uning yo iste’molchisiga aylanaman yoki kimgadir sotaman. QQSni qaytarib olish faqat qo‘shimcha korrupsiyaga olib keladigan harakat xolos.

— Yana bir masala, E-Aktiv bilan bog‘liq. 1 iyuldan yirik soliq to‘lovchilar va yuqori likvidli tovarlarni ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun E-Aktiv majburiy bo‘lishi mumkin. Aslida E-Aktiv 2022 yildan beri e’tirozlarga uchrab keladi, uni majburiy qo‘llash amaliyoti qayta qayta ortgan surildi. 2024 yil 1 apreldan esa majburiy bo‘lishi kerak edi. Lekin bu borada hozircha yangilik yo‘q. E-Aktiv borasida qanday muhokama bo‘ldi?

Murod Muhammadjonov: Raqamlashtirish, dasturiy mahsulotlar, ayti dasturlar insonga qulaylik uchun ishlatilishi kerak. Deylik, bir qator hisobotlar qog‘ozda topshirilar edi, hamma navbatda turardi, uni elektronlashtirdik, haqiqatda qulaylik bo‘ldi. O‘tish bosqichi qiyin bo‘ldi, lekin schet-faktura topshirish ham qulay bo‘lib qoldi. E-Aktiv, markirovka, MXIK kodlar bo‘yicha chekka o‘lchov birligini yozish masalasi kabi 6-7 ta dasturning hammasi undan foydlanuvchilar uchun qulaylik emas, tadbirkorni nazorat qiluvchilarga qulay muhit yaratish uchun chiqarilgan dasturlar xolos. Ular o‘zining tekshirish funksiyasini bajarish uchun tadbirkorga ortiqcha yuklama yuklayapti. E-Aktiv ham biznesga aralashish. Doimiy tadbirkorni qoldig‘ingdagi tovarni ko‘rib turaman degan narsa. E-Aktiv ertaga omboringizdagi qoldig‘ingizni onlayn ko‘rib turadi degani. Omborda falonchi bor, tekshiraman deydigan narsa bo‘ladi.

Biznes muhit esa boshqacha. Boshqa rivojlangan davlatlar bilan biznes strukturasi keskin farq qiladi. Bizda bir amallab tarqatib yuboramiz, keyin pulini olamiz va inkassatsiya qo‘yamiz degan muhit yuzaga keladi. Iltimos qilib tarqatib yuboriladi-da, o‘shanga schet-faktura berasan deyiladi. Menga schet-faktura kerakmas, sendagi qoldiq menda paydo bo‘lib qoladi deydi va hakazo. Shunga o‘xshagan holatlar yuzaga keladi.

Uni ham tartibga solamiz deyishyapti, lekin shunaqa tovarlarni yetkazib berish turlari borki, hamma tovarni yetkazib bergandan keyin, sifati va hajmiga qarab schet-fakturaga qo‘l qo‘yaman deydi. Deylik menga 10 mlrd so‘mlik falon hajmdagi tovar yetkazib berasiz deyman, siz uni menga bir oyda 50 ta mashinada yetkazib berishingiz kerak. E-Aktiv’da schet faktura urganingizdan keyingina ombordan qoldiq kamaydi deb ko‘rinadi. 9 mlrd tovarni menga olib kelib berdingiz, lekin dasturda 10 mlrd so‘mlik tovar turibdi deb ko‘rinadi. O‘sha paytda tekshirish kelib qolsa, noqonuniy olib chiqib ketgansan deydi. Chiqib ketganga darrov schet-faktrura ber deyishmoqchi. Lekin siz olib kelasiz, har bir stakanni tekshirib olaman, undan keyin schet-fakturaga qo‘l qo‘yaman deyapman. Biznes muhit bunaqa. Lekin E-Aktiv chiqib ketdimi schet-faktura bersin deyapti. Soliq organiga “sizlar xohlagandek biznes ishlamaydi, biznes ishlayotgan komfort zonasini qonuniylashtirib berishimiz kerak”, deyapmiz. Ana o‘shanda bizga keshbeklar ham shart bo‘lmaydi.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Mavzuga oid