Jahon | 14:41 / 08.05.2024
12575
3 daqiqa o‘qiladi

Moldova prezidenti “Gazprom” qo‘ygan talab haqida: “Qarzimiz 700 mln emas, atigi 8 mln bo‘lib chiqdi”

Moldova prezidenti Mayya Sanduning so‘zlariga ko‘ra, “Gazprom” Moldova tomonining 700 mln dollar qarzi borligi va uni to‘lamasa, gaz yetkazib berish to‘xtatilishini bildirgan. Shundan keyin hukumat xalqaro auditorlarni jalb qilib, “Gazprom”ning iddaolari asossiz ekanini isbotlagan.

vDud / YouTube

Moldova prezidenti Mayya Sandu rossiyalik taniqli jurnalist Yuriy Dudga bergan intervyusida mamlakatda 2022 yilda yuz bergan gaz inqirozi va narxlarning qimmatlashib ketganiga sabab bo‘lgan omillar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Sanduning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning “Gazprom” shirkati Moldova hukumatiga 700 million dollar qarzi borligi va uni to‘lamaguncha gaz yetkazib berish bo‘yicha yangi shartnoma imzonlanmasligini ma’lum qiladi. Shundan so‘ng hukumat xalqaro xalqaro auditorlarni ishga jalb qilib, “Gazprom” iddaolari asossiz ekanini aniqlaydi.

“Nega bunday bo‘ldi? Birinchidan, narxlar butun Yevropada oshdi. Buni yaxshi eslab qoling. Boshqa tomondan, “Gazprom” bilan shartnoma tugagan paytda biz endigina hokimiyatga kelgandik va boshqa muqobil manbalarimiz yo‘q edi. Bu, albatta, yaxshi savol bo‘ladi, nima uchun 30 yil davomida oldingi hukumatlar gaz va elektr energiyasining muqobil manbalarini ta’minlay olmagan.

O‘sha paytda “Gazprom” bizga shartnomani uzaytirishni istamasliklarini, hukumat 700 mln dollarlik qarzni o‘z zimmasiga olishi kerakligini aytdi. Bu “Moldovagaz”ning qarzi ekan.

“Moldovagaz” mamlakatdagi gaz taqsimlovchi kompaniya bo‘lib, “Gazprom” uning asosiy aksiyadori hisoblanadi. Qisqasi, ular bizga sizning katta qarzingiz bor deyishdi. Tekshirishimiz kerakligini aytdik, chunki bu qarzlar qayerdan kelganini bilmaymiz. Tasdiqlanmagan qarzga imzo cheka olmasdik, chunki narx allaqachon ko‘tarilgan va juda baland edi, lekin qarz ham bor edi.

Shuning uchun, xalqaro auditorlarni yolladik. Auditorlar esa qarz 700 mln dollar emas, balki 8 mln dollar ekanini ko‘rsatib berishdi”, dedi Mayya Sandu.

Moldova prezidentining qo‘shimcha qilishicha, ayni paytda ular gazni Yevropa bozoridan erkin narxlarda xarid qilishmoqda va eng muhimi, ularda boshqa muqobil manbalar mavjud.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilda Reuters agentligi O‘zbekiston ham Rossiyaning boshqa bir kompaniyasi “Lukoyl”dan gaz yetkazib bergani uchun 600 mln dollarga yaqin qarz bo‘lib qolgani haqida yozgandi. O‘shanda “O‘zbekneftgaz” raisi Bahodir Siddiqov bu qarzdorlikni bartaraf etish bo‘yicha aniq rejalar borligini aytgan.

Mavzuga oid