O‘zbekiston | 16:22 / 08.05.2024
13432
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Moskvaga yetib bordi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 may kuni amaliy tashrif bilan Moskva shahriga bordi.

Vnukovo xalqaro aeroportida davlat rahbarini Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi o‘rinbosari – sanoat va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Denis Manturov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Tashrif dasturiga muvofiq, O‘zbekiston prezidenti Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yubiley yig‘ilishida hamda Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 79 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etadi, shuningdek, ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.

Kreml ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan paradda quyidagi davlatlar rahbarlari ham qatnashadi: Aleksandr Lukashenko (Belarus), Qosim-Jo‘mart To‘qayev (Qozog‘iston), Sadir Japarov (Qirg‘iziston), Imomali Rahmon (Tojikiston), Serdar Berdimuhamedov (Turkmaniston), Migel Dias-Kanel Bermudes (Kuba), Tongloun Sisulit (Laos) va Umaru Sissoku Embalo (Gvineya-Bisau).

Prezidentlar Vladimir Putin bilan birga Noma’lum askar qabriga gul qo‘yish marosimida ham ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid