O‘zbekiston | 21:30 / 10.05.2024
8891
1 daqiqa o‘qiladi

Kuchli yog‘ingarchilik tufayli Qamchiq dovoni yo‘li loy va toshlar bilan to‘silib qoldi

Avtotransport vositalari harakati vaqtincha to‘xtatilgan.

Foto: Videodan kadr

A-373 avtomobil yo‘lining Qamchiq dovonidan o‘tuvchi 229-kilometrida jalali yomg‘irlar oqibatida yo‘lning harakat qismini loy, qumtoshli massa qoplagan.

FVV matbuot xizmatiga ko‘ra, hodisa natijasida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q. Vaziyat nazoratga olingani ma’lum qilingan.

Yo‘lda harakat vaqtinchalik to‘xtatilgan.

«Qamchiq dovonidan o‘tuvchi xalqaro ahamiyatdagi A-373 avtomobil yo‘lining 229-kilometrida sel-suv toshqini kuzatilgani sababli ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish maqsadida mazkur hududda transport vositalarining harakati har ikki yo‘nalishda vaqtincha to‘xtatildi», deyiladi IIV matbuot xizmati xabarida.

Hozirda hodisa oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha FVV, YHXX hamda «Qamchiqavtoyo‘l» IYFUK xodimlari tomonidan tezkor choralar ko‘rilmoqda.

Yo‘lning harakat qismi yaqin vaqtlar ichida ochilishi ma’lum qilingan.

Mavzuga oid