O‘zbekiston | 09:36 / 10.05.2024
8383
3 daqiqa o‘qiladi

Nurafshonda Zulfiya Zokirova xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik majmuasi ochildi

Majmua ikkinchi jahon urushida besh nafar farzandidan ayrilgan zangiotalik ayol va uning oilasiga yodgorlik sifatida barpo etilgan. Majmuani barpo etish va hududini obodonlashtirishga 4,8 milliard so‘m miqdorida mablag‘ sarflangan. Aynan mazkur loyiha uchun viloyatning sobiq hokimi Davron Hidoyatov 2021 yilda 28,4 mlrd so‘m ajratgandi.

Foto: Kun.uz

Shu yil 9 may kuni, Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Toshkent viloyati Nurafshon shahrida “Matonat madhiyasi” haykali ochildi, deb xabar bermoqda tadbirda qatnashgan Kun.uz muxbiri.

Ushbu memorial majmua ikkinchi jahon urushi davrida besh nafar farzandini urushga jo‘natgan va ulardan birortasi qaytmagan Zulfiya Zokirova xotirasiga bag‘ishlanadi. Ona Ikkinchi jahon urushida besh nafar o‘g‘li – Isoqjon, Ahmadjon, Mamajon, Vahobjon, Yusufjon ismli farzandlaridan judo bo‘lgan. Uning to‘rt kelini beva, besh nabirasi yetim bo‘lib qolgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, shunday holat butun dunyo bo‘yicha uchta oilada kuzatilgan bo‘lib, biri Belarus, yana biri AQShda bo‘lsa, uchinchi oila Zangiota tumani Xonobod mahallasidagi Zulfiya Zokirovaning oilasi hisoblanadi.

Viloyat hokimi Zoyir Mirzayevning tegishli farmoyishi asosida, “Nurafshon Business City” hududida 1,2 gektar yer maydonida yaratilgan bog‘ va memorial majmuaning qurilishi uchun jami 4,8 milliard so‘m miqdorida mablag‘ sarflangan.

Ma’lumot uchun, 2019 yil 9 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Zulfiya Zokirova va uning frontdan qaytmagan besh o‘g‘li, sadoqatli kelinlari xotirasiga atab muhtasham haykal o‘rnatish hamda unga «Matonat madhiyasi» deb nom berish taklifini bildirgan edi.

2020 yil Toshkent shahridagi G‘alaba bog‘i markazida bu haykal ochildi, shuningdek Zulfiya Zokirovaga bag‘ishlab badiiy film yaratildi.

Eslatib o‘tamiz, Nurafshonda qurilgan majmuaga dastlab viloyatning sobiq hokimi Davron Hidoyatov 28,4 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi haqida farmoyish chiqargan edi.

Bu jamoatchilik orasida tanqidlarga uchragach Hidoyatovning bu tashabbusi viloyatning yangi hokimi Zoyir Mirzayev tomonidan bekor qilingandi.

Keyinroq haykalni barpo etilishi bekor qilinmagani, balki kechiktirilgani va kelgusida aniq hisob-kitoblarga asosan mablag‘ ajratilishi ma’lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid