Jahon | 08:51 / 11.05.2024
3567
3 daqiqa o‘qiladi

Kuvayt amiri parlamentni tarqatib, konstitutsiyaning ayrim moddalarini harakatdan to‘xtatdi

Kuvayt amiri Mash’al al-Ahmad al-Jobir as-Saboh bunday qarorga kelinganiga sabab deputatlari va hukumat a’zolari o‘rtasida to‘xtamasdan davom etayotgan mojaro ekanini ta’kidlagan.

Kuvayt amiri Mash’al al-Ahmad al-Jobir as-Saboh. Foto: uqn.gov.sa

Mash’al al-Ahmad al-Jobir as-Saboh juma kuni Milliy yig‘in (bir palatali parlament) tarqatilishi va konstitutsiyaning ayrim moddalari harakatdan to‘xtatilishini e’lon qildi.

«Kuvayt siyosiy sahnasidagi ziddiyatlar bizni ortiq jim qarab tura olmaydigan darajaga yetkazdi. Biz mamlakatning eng maqbul manfaatlarini ta’minlash uchun chora ko‘rishimiz kerak. Shu sababli Milliy yig‘inni tarqatib yuborish va konstitutsiyaning ayrim moddalarini to‘rt yildan oshmaydigan davr uchun to‘xtatishga majburmiz. Bu davr ichida demokratik jarayonlarning barcha jihatlari o‘rganib chiqiladi», — degan shayx davlat televideniye tomonidan uzatilgan Mash’al millatga murojaatida.

KUNA axborot agentligining xabariga ko‘ra, parlament vakolatlari amir va vazirlar mahkamasiga o‘tadi. Davlat rahbarining bu boradagi farmoni «Al-Kuvayt al-yaum» hukumat axborotnomasida e’lon qilingach kuchga kiradi.

Amirning nutqidan ma’lum bo‘lishicha, parlamentni tarqatish to‘g‘risida qarorga deputatlar va hukumat a’zolari o‘rtasida davom etib kelayotgan ziddiyat tufayli kelingan

«So‘nggi vaqtlarda Kuvayt og‘ir davrlarni boshidan kechirmoqda, bu esa mamlakatni qutqarib qolish va uning oliy manfaatlarini ta’minlash uchun murakkab qarorlarni qabul qilishda ikkilanish va paysalga solishga o‘rin qoldirmaydi», — degan amir.

Kuvayt parlamentiga navbatdan tashqari saylovlar hozirgi amir 2023 yilning dekabrida o‘z akasi Navof al-Ahmad al-Jobir as-Sabohning vafotidan so‘ng taxtga o‘tirgach, shu yil aprel oyining boshlarida o‘tkazilgan edi. Avvalgi parlament tarkibini shayz Mash’al 15 fevral kuni «konstitutsiyaviy prinsiplar buzilgani» va «haqoratomuz va o‘rinsiz so‘zlar ishlatilayotgani»ni sabab qilib tarqatgan edi. Parlament a’zolari qanday qilib bu prinsiplarni buzgani va kimning manziliga haqoratomuz iboralar ishlatgani amir farmonida ko‘rsatib o‘tilmagan edi.

Yon atrofidagi monarxiyalardan ko‘ra Kuvaytda parlament katta ta’sir kuchiga ega, shu sababli siyosiy barqarorlik qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat bo‘g‘inlari nechog‘lik birgalikda samarali harakat qilishiga bog‘liq. Mamlakatda siyosiy partiyalar taqiqlangan, biroq jamoat birlashmalari mavjud va ular orasida muxolif xarakterdagilari ham bor. Formal jihatdan deputatlikka nomzodlar mustaqil nomzodlar sifatida ilgari suriladi, biroq ularning aksariyati jamoat tashkilotlari, diniy birlashmalar va qabilalar manfaatini tamsil etadi.

Mavzuga oid