Jahon | 09:45 / 11.05.2024
4012
5 daqiqa o‘qiladi

Parij Isroilni Rafahdagi harbiy amaliyotni to‘xtatishga chaqirdi

Fransiya Tashqi ishlar vazirligi muzokaralarni HAMAS garovga olganlarni zudlik bilan ozod etish va G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishga erishishning yagona mumkin bo‘lgan yo‘li deb atadi. Ayni vaqtda Isroil ikki tomondan raketa zarbalariga uchragan.

Foto: Ramez Habboub/AP Photo/picture alliance

Fransiya Isroilni G‘azo sektori janubidagi Rafah shahrida o‘tkazayotgan harbiy amaliyotini zudlik bilan to‘xtatishga va muzokaralar yo‘liga qaytishga chaqirdi, deb xabar qildi TIV 10 may, juma kuni kechqurun Parijda. «Bu garovga olinganlarni zudlik bilan ozod qilish va uzoq muddatli otashkesimga erishishning yagona mumkin bo‘lgan yo‘li», - deyiladi Fransiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida. Parij G‘azo sektorida tinch aholi uchun xavfsiz zonalar qolmaganini ta’kidlab, mintaqa aholisiga tahdid solayotgan «halokatli vaziyat» haqida ogohlantirmoqda.

Fransiya Tashqi ishlar vazirligi Isroil hukumatini tinch aholiga insonparvarlik yordami yetib borishini ta’minlash va «aholining eng zaif qatlamlari G‘azo sektorini tark etishi» uchun Rafah o‘tish joyini qayta ochishga chaqirdi. Shu bilan birga, Fransiya 5 may kuni HAMASning Kerem-Shalom nazorat-o‘tkazish punktini o‘qqa tutganini qoraladi, shundan so‘ng Isroil bu muhim chegara punktini insonparvarlik yordami uchun yopdi.

7 may kuni Isroil mudofaa kuchlari Rafah shahriga tanklar olib kirdi va insonparvarlik yordami uchun muhim bo‘lgan Misr bilan chegaradagi boshqa bir o‘tish joyi – Rafah nazorat punktining Falastin tomonini nazoratga oldi. Ushbu voqeadan so‘ng AQSh prezidenti Jo Bayden Isroilga Rafahga yirik hujum rejalaridan voz kechmasa, qurol yetkazib berishni to‘xtatish bilan tahdid qildi.

«Hizbulloh» jangchilari Kiryat-Shmon shahrini o‘qqa tutdi

10 may kuni kechqurun Isroil shimolidagi Kiryat-Shmon shahri Livan janubidan artilleriyadan o‘qqa tutildi, deb xabar bermoqda dpa. TsAHAL ma’lumotlariga ko‘ra, otilgan taxminan 35 ta raketadan faqat 15 tasi tutib olingan. Qolgan snaryadlar binolar va avtomobillarga zarar yetkazgan. 2023 yil oktyabr oyida HAMAS hujumidan keyin shahar aholisining aksariyati qochib ketgan, shuning uchun hech kim jabrlanmagan, deydi Isroil harbiylari.

Ba’zi raketa portlashlari bir nechta o‘rmon yong‘inlarini keltirib chiqardi. O‘sha kuni kechqurun yong‘inlarni o‘chirish uchun o‘nta o‘t o‘chirish brigadasi yuborildi, deya ta’kidlaydi dpa. Hujumlar uchun javobgarlikni Livandagi «Hizbulloh» guruhi o‘z zimmasiga oldi. TsAHAL hujumga artilleriya va havo zarbalari bilan javob berdi. Harbiylarga ko‘ra, qiruvchi samolyotlar Livan janubida «Hizbulloh» foydalanayotgan beshta binoni vayron qilgan, jangchilarning Isroilga raketa otgan pozitsiyasi ham yo‘q qilingan.

TsAHAL G‘azo sektoridan raketa otilgani haqida ham xabar berdi

Isroil harbiylariga ko‘ra, G‘azo sektoridan Isroil janubidagi yirik Beer-Sheva shahriga raketa hujumi natijasida 37 yoshli ayol yaralangan. 10 may kuni AFP agentligi TsAHAL ma’lumotlariga tayanib, Falastin janubida Rafah atrofidagi hududdan to‘qqizta raketa va uning markazidan yana beshta raketa uchirilganini bildirdi. Qayd etilishicha, raketalarning hech biri tutib olinmagan, bittasidan boshqasi ochiq maydonlarga qulagan.

Raketa hujumi uchun javobgarlikni HAMAS harakatining qurolli bo‘limi «Izzaddin al-Qassam brigadalari» o‘z zimmasiga oldi.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri qariyb 35 ming falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid