Ukraina, G‘arb va Pushkin. Putin va Si nimalar haqida gaplashdi?
Rossiya rahbari Vladimir Putin Xitoyga keng ko‘lamli tashrif bilan keldi va XXR raisi Si Jinping bilan kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralarda ham ishtirok etdi. Kun oxirida ular tor doirada uchrashuv o‘tkazishadi, juma kuni Rossiya hukumatining o‘nlab yuqori martabali mulozimlaridan iborat delegatsiya ko‘rgazma va biznes-forumda qatnashish uchun Harbin shahriga yo‘l oladi.
Putin va Si Ukrainadagi urushdan oldinroq e’lon qilingan «chegarasiz do‘stlik»ni mustahkamlash, savdoni kengaytirish, biznes va moliyani bir-biriga yaqinlashtirish hamda birgalikda G‘arb gegemoniyasiga qarshi turish niyatlarini tasdiqlashdi.
Xitoy Ukrainaga bosqin tufayli G‘arb qo‘llagan sanksiyalardan keyin Rossiyaning asosiy hamkoriga aylangan va aloqalar mustahkamlanishi nafaqat yirik delegatsiya kelganida, balki qo‘shma bayonot matnida ham o‘z aksini topdi.
Bu matn bir yil ichida 7 ming so‘zgacha boyidi. Bir yil muqaddam, Si o‘z inauguratsiyasidan keyin Putinning mehmoni bo‘lganida, ularning dunyo tartiboti to‘g‘risidagi mushtarak fikrlari salkam besh ming so‘zdan iborat bo‘lgandi.
Quyida Putin va Si payshanba kuni matbuot va dunyoga qilgan murojaatlarida muhim masalalar bo‘yicha nimalar degani keltiriladi.
Ukrainadagi urush
Xitoy avvalboshdan Rossiyani bosqin uchun tanqid qilishdan bosh tortgan va G‘arbning Kremlga sanksiyalarni chetlab o‘tishda va Rossiya harbiy mashinasi barqaror qolishiga yordam berishda bildirgan ayblovlarni rad etadi.
Rossiya ham, Xitoy ham muzokaralar va tinchlikni xohlashini aytishadi, ammo Kremlning muzokaralardagi dastlabki pozitsiyasi «reallikni hisobga olishi», ya’ni Ukraina yerlari okkupatsiya qilinganini tan olishni o‘z ichiga oladi, buni esa Kiyev va G‘arb qabul qilmaydi.
Si oldingi pozitsiyasini tasdiqladi:
«Xitoy va Rossiya siyosiy kelishuvni Ukraina inqirozini hal qilishning to‘g‘ri yo‘li deb biladi. Xitoyning bu masaladagi pozitsiyasi izchil va aniq, ya’ni: BMT Ustavi normalari va tamoyillariga rioya etish, barcha mamlakatlarning milliy suvereniteti va hududiy yaxlitligi hamda ularning yangi muvozanatli, samarali va barqaror xavfsizlik arxitekturasini shakklantirish uchun oqilona xavfsizlik choralarini hurmat qilish».
Putin hozircha Ukraina haqida faqat kun oxirida Si bilan shaxsan gaplashishini aytgan.
Kreml xabariga ko‘ra, ular saroy oldidagi xiyobon bo‘ylab sayr qilishadi va choyxo‘rlik qilishadi. Putin safar oldidan bergan intervyusida Sining Rossiyaga tashrifi vaqtida u bilan qariyb besh soat mobaynida yuzma-yuz muloqot qilganini aytgandi.
G‘arb tanqidi
Putin ham, Si ham AQSh G‘arbning barcha mamlakatlarini Rossiya va Xitoy taraqqiyotini tiyib turishga majburlamoqda, deb hisoblaydi. Ular dunyo tartibotini qayta ko‘rib chiqishni, dunyo ishlarida rivojlanayotgan avtokratik davlatlarga ham rivojlangan demokratik davlatlar qatori teng huquq berishni va boshqalarga qanday yashashni o‘rgatmaslikni talab qiladi.
Pardalangan va obrazli pand-nasihatlarga moyil bo‘lgan Si bu safar ushbu mavzuda noodatiy tarzda aniq va ravshan gapirdi.
«Bugungi kunda ham dunyoda sovuq urush mentaliteti avj olmoqda. Bir tomonlama gegemonlik, bloklar qarama-qarshiligi va kuchlilar siyosati butun dunyo hamda barcha mamlakatlar xavfsizligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid solmoqda», degan u.
Putin «Rossiya va Xitoyning ko‘plab xalqaro va mintaqaviy masalalarga yondashuvi bir-biriga yaqin yoki mos kelishi»ni ta’kidlagan.
«Biz nisbatan adolatli va demokratik ko‘p qutbli dunyo tartibotini shakllantirish uchun birgalikda ishlamoqdamiz», degan u.
BMT bosh kotibining o‘zi Rossiyaning Ukrainaga bosqinini «BMT Ustav va xalqaro huquq buzilishi» deb ataganiga qaramay, u yana bir bor «BMT va xalqaro huquqning markaziy roli» haqida gapirdi.
Ammo Putin BMT Ustavini Si bilan qo‘shma bayonotida quyidagicha talqin qilgan.
«Mojarolar BMT Ustavi asosida to‘liq hal qilinishi kerak», Ukrainadagi qurolli mojaro tinchishi uchun «uning asosiy sabablarini bartaraf etish va barcha mamlakatlarning qonuniy manfaatlari va xavfsizligini inobatga olgan holda xavfsizlikning bo‘linmasligi tamoyiliga rioya etish kerak», deyiladi hujjatda.
Ruslar va xitoyliklar madaniy jihatdan qanday yaqinlashayotgani haqida
Si Jinping:
«Pushkin va Tolstoyning asarlari oddiy xitoyliklarning oilalarida o‘qiladi. Xitoyning an’anaviy madaniyati Pekin operasi va taytszitsyuan jang san’ati qiyofasida Rossiya xalqi orasida katta mashhurlikka erishgan».
Putin shu kuni Rossiyada Xitoy madaniyati yili, Xitoyda Rossiya madaniyati yili boshlanishi, uning doirasida Rossiyaning 38 shahrida va Xitoyning 51 shahrida yarmarkalar, teatr gastrollari, muz shoulari, muzey ko‘rgazmalari va kinonamoyishlar o‘tkazilishini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, madaniy aloqalarning mustahkamlanishi borasida o‘zi uchun sevimli bo‘lgan misolni yana bir bor takrorlagan:
«E’tiboringizni fevral oyida Moskvada shahar meriyasi ko‘magida Xitoy taqvimi bo‘yicha Yangi yil ilk bor rasman nishonlanganiga qaratmoqchiman. Aytishim kerakki, uning rang-barang tadbirlari keng miqyosda o‘tkazildi va yuz minglab shaharliklarga manzur bo‘ldi», degan Putin.
Mavzuga oid
14:14
Kremlda Putin va Slovakiya bosh vaziri o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
10:43
Tramp Putin u bilan Ukraina masalasida uchrashmoqchi ekanini ma’lum qildi
00:02 / 22.12.2024
Vladimir Putin: «Suriyadagi voqealar benefitsiari - Isroil»
07:55 / 20.12.2024