O‘zbekiston | 09:40 / 17.05.2024
3520
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Ummon gilos eksportini boshlash to‘g‘risida kelishib oldi

O‘zbekiston va Ummon o‘zaro hamkorlik qadami sifatida gilosning Ummonga eksportini boshlash to‘g‘risida kelishib oldi.

Foto: Shutterstock

Mamlakat elchixonasi ko‘magida Lulu Group International shirkatining Ummon bo‘yicha hududiy boshqarmasi va O‘zbekistonning MilMax Group kompaniyasi rahbariyati o‘rtasida video-konferens-aloqa shaklida uchrashuv tashkil etildi.

"Dunyo" xabariga ko‘ra, onlayn uchrashuvda O‘zbekistonda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Ummonga eksportini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston tomoni qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va xorijga eksport qilish borasidagi tajribasi hamda imkoniyatlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi.

Ummonda 40 dan ortiq supermarketlarga egalik qiladigan Lulu Group International shirkati vakillari O‘zbekiston mahsulotlari haqida yaxshi xabardorliklarini bildirishdi. Ular, shuningdek, o‘zbek mahsulotlarini Maskatga yetkazib berilishidagi narxlar kelishib olinsa, ularni import qilishga tayyorligini ma’lum qildi.

Uchrashuv yakunida o‘zaro hamkorlikning birinchi qadami sifatida O‘zbekiston gilosini Ummonga eksportini boshlash to‘g‘risida kelishib olindi.

Mavzuga oid