Volodimir Zelenskiy Xarkivda bosh qo‘mondonlik yig‘ilishini o‘tkazdi
Rossiya qo‘shinlarining Xarkiv viloyatiga hujumi fonida Ukraina prezidenti Xarkivda bosh qo‘mondonlik yig‘ilishini o‘tkazdi. Zelenskiy Xarkiv viloyatidagi vaziyat «nazorat ostida» ekanini aytdi.
Rossiya armiyasining Xarkiv viloyatiga hujumi fonida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 16 may, payshanba kuni Xarkivda oliy bosh qo‘mondonlik yig‘ilishini o‘tkazdi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, u Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy va tegishli yo‘nalishlar qo‘mondonlarining hisobotini eshitgan. «Bugungi kunga kelib Xarkiv viloyatidagi vaziyat nazorat ostida», dedi Zelenskiy va yo‘nalish o‘ta qiyinligicha qolayotganini ta’kidladi.
Ayni paytda Xarkivdan 20 km uzoqlikda joylashgan Lipsi qishlog‘idan shimolda Rossiya va Ukraina qo‘shinlari o‘rtasida jang ketmoqda. Xarkiv viloyati shimoli-sharqida, Rossiya bilan chegaraga yaqin joylashgan Vovchansk shahrida ham ko‘cha janglari kuzatilgan.
Ukraina Qurolli kuchlari bosh shtabi 16 may kuni ertalabki hisobotida Rossiya qo‘shinlarining «Vovchansk shahriga imkon qadar chuqur kirib borish» rejalari barbod bo‘lganini ma’lum qildi. Xabarda aytilishicha, hozir shaharning shimoliy qismida janglar ketmoqda.
Vovchanskdagi janglar
O‘z navbatida, Ukraina Ichki ishlar vazirligi rahbari Igor Klimenko Rossiya harbiylari Vovchansk shimolida «tinch aholini asirga olayotganini» aytdi. Ta’kidlanishicha, mahalliy aholidan biri qochishga uringanida otib o‘ldirilgan. Klimenkoning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina politsiyasi xodimlari Vovchanskda aholi evakuatsiya qilinishini ta’minlab, ishini davom ettirmoqda.
Ayni vaqtda, Rossiya Telegram-kanallari Vovchansk shahriga kiraverishdagi yo‘l belgisida rossiyalik harbiylar aks etgan videoni joylashtirdi. U aniq qachon va qayerda suratga olingani noma’lum. Ukrainaning DeepState loyihasi o‘z xaritasida Rossiya harbiylari shaharning shimoliy qismini, Ukraina harbiylari esa janubiy qismini nazorat qilishini ko‘rsatadi. Harbiy harakatlar sharoitida tomonlarning hududiy nazorat haqidagi bayonotlarini tezda tasdiqlash yoki rad etish mumkin emas.
Rossiya qo‘shinlari tomonidan Vovchansk va Xarkiv viloyatining bir qator boshqa hududlarini o‘qqa tutish 10 may kuni keskin kuchaydi. Shu kuni Rossiya harbiylari hujumga o‘tib, qator hududlarda chegarani kesib o‘tib, Ukraina hududidagi chegaradosh aholi punktlarida mustahkam o‘rnashib olishga urindi.
Hujum ikki asosiy yo‘nalishda - Lipsi (Xarkiv) va Vovchansk tomon olib borilmoqda. Hujumning ko‘lami va uning maqsadlari hali aniq emas. Urushni o‘rganish bo‘yicha Amerika institutining fikricha, gap Xarkivni egallashga urinishdan ko‘ra Belgorod viloyati bilan chegarada «bufer zona» yaratish haqida ketyapti.
Mavzuga oid
18:44 / 21.12.2024
Zelenskiy bir qator ukrainalik diplomatlarni ishdan oldi
07:55 / 20.12.2024
Zelenskiy Putinning «Oreshnik» bilan «duel» haqidagi so‘zlarini tanqid qildi
13:55 / 18.12.2024
«Bizda ularni qaytarish uchun kuch yo‘q». Zelenskiy - Qrim va Donbass haqida
07:20 / 14.12.2024