Jahon | 08:36 / 18.05.2024
4972
3 daqiqa o‘qiladi

WP: Starlink Xarkiv yaqinidagi Rossiya hujumi paytida o‘chib qolgan

Sun’iy yo‘ldosh tizimlari Ukrainada urush boshlanganidan beri birinchi marta ishlamay qoldi, deb yozadi WP. Bu rus qo‘shinlarining oldinga siljishini qaytarishga xalaqit berdi.

Foto: AP

Starlink sun’iy yo‘ldosh tizimlari Rossiyaning Xarkiv viloyatidagi hujumi birinchi kunida ishlamay qolgan. Bu haqda Amerikaning The Washington Post (WP) nashri 17 may, juma kuni Ukraina harbiylariga tayanib yozdi

Jurnalistlarning so‘zlariga ko‘ra, bunday o‘chish Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan beri birinchi marta sodir bo‘ldi. U aloqani ta’minlash va razvedka uchuvchisiz uchoqlarini boshqarish uchun Starlink’dan foydalanadigan Ukraina Qurolli kuchlariga Xarkiv yaqinidagi hujum paytida rus kuchlarining harakatini kuzatishga to‘sqinlik qildi. «Bir lahzada biz butunlay ko‘r bo‘lib qoldik», dedi «Artist» chaqiruv belgisiga ega Ukraina Qurolli kuchlari brigadalaridan birining qo‘mondoni WP’ga. Uning so‘zlariga ko‘ra, ma’lum bir vaqtda dronlar «shunchaki g‘oyib bo‘lib qolgan».

Rossiya armiyasining frontdagi qisman muvaffaqiyatiga boshqa sabablar ham bor

WP jurnalistlari yozishicha, Rossiya harbiylarining Ukraina bilan urushdagi mahalliy muvaffaqiyatlari, Starlink bilan bog‘liq muammolardan tashqari, Ukraina armiyasiga AQShdan yordam yetkazib berishning kechikishi va askarlar yetishmasligi bilan izohlanishi mumkin. Bundan tashqari, jurnalistlar fikriga ko‘ra, Rossiya Qurolli kuchlari frontning Xarkiv va Donetsk yo‘nalishlarida oldinga siljishi Rossiya armiyasi «aqlliroq bo‘la boshlagani» va hozirgi urush haqiqatlariga moslashishni o‘rgangani tufayli mumkin bo‘ldi. 

«Rossiyaning yangi muvaffaqiyatlari Ukraina mudofaasi qobiliyati haqida o‘ylashga majburladi», deb xulosa qiladi WP. 

Rossiyaning Xarkiv viloyatiga hujumi 

10 may kuni Rossiya armiyasi Xarkiv viloyatini o‘qqa tutishni kuchaytirib, mintaqaga hujum boshladi. Rossiya harbiylari chegaradagi bir qancha qishloqlarni bosib olishga muvaffaq bo‘ldi. AFP ma’lumotlariga ko‘ra, bir hafta ichida Rossiya Qurolli kuchlari Ukraina hududining 278 kvadrat kilometrini egallab olgan. Ukraina mintaqadan tinch aholini evakuatsiya qilmoqda.

17 may, juma kuni Vladimir Putin Rossiya armiyasi «bugungi kunda» Xarkivni egallashni rejalashtirmaganini aytdi. U hujum operatsiyasini Ukraina Qurolli kuchlari chegara hududlarini o‘qqa tutganligi sababli Rossiyaning Ukraina bilan chegarasida «sanitar zona» yaratish istagi bilan izohladi. 

Mavzuga oid