Jamiyat | 11:01 / 19.05.2024
13198
4 daqiqa o‘qiladi

“Yasagan tandirlarim Amerikaga ham sotilyapti” – 75 yoshli tandirchi otaxon

Sayfiddin ota Toshmatov bu yil 75 yoshni qarshi oldi. Avtomashinasi bo‘la turib doim velosipedda yuradigan otaxon ancha tetik. Shu yoshida ham nevaralarini yoniga olib tandir yasaydi. Eng qizig‘i, u yasagan tandirlar Amerikaga ham yetib borgan.

Buvayda tumanining Gulchi qishlog‘ida yashovchi Sayfiddin ota ancha mashhur. U yasagan tandirlar viloyatlardan tashqari chet davlatlarga ham jo‘natilmoqda. Tandirchi otasidan olgan hunarini o‘g‘illari-yu nevaralariga ham o‘rgatdi.

Doimiy harakatdaligim uchun sog‘lomman

“75 yoshdaman, 5 nafar farzandim bor. Nimaga erishgan bo‘lsam, shu hunar orqali erishdim. Tandirchilik biz uchun ota kasb. Har kuni bir nechta tandir yasayman. Doim velosipedda yuraman. Shuning uchun ham sog‘lomman. Otamning mehnat qilsang, kam bo‘lmaysan, degan gapini men ham nabiralarimga aytaman. Hamma narsa bekorchilikdan chiqadi, bolalarni ish bilan band qilib qo‘yish kerak.  

Bu hunarni 13 yoshimda boshlaganman. Qarilikni hali bo‘ynimga olganim yo‘q. Masjidga ham piyoda yoki velosipedda boraman. 16 nevaram, 17 chevaram bor. Zurriyodlarni uyli-joyli qilish uchun doim harakatdamiz. 800 ming so‘m pensiya olaman. 75 yoshda ham qon bosimi, boshqa kasalliklar yo‘q, har zamonda el qatori tumov bo‘lishim mumkin”.

13 ta tandirim Amerikaga ketdi

“Nonni eng ko‘p iste’mol qiladigan xalqmiz. O‘zbek oilalarida somsa ham ko‘p tayyorlanadi. Shuning uchun tandirga ehtiyoj doim yuqori. Yaqinda Amerikadagi vatandoshlarimizga 13 ta tandir yasab berib yubordik.

Kasbimiz ortidan jahonga chiqyapmiz. Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘izistondan ham xaridorlar chiqadi. O‘tgan yili Sibirga bir fura tandir yubordik.

Uy tandiri, somsa tandiri, ko‘cha tandiri, novvoy tandirlari yasaymiz. Narxlarini kelishib olamiz, ba’zilarga o‘zimiz olib borib qurib ham beramiz. Novvoy tandirlarni qurib bitkazib berib, olov yoqilgandan keyin pul olinadi. O‘zimiz bir olovdan chiqarib beramiz, chunki noto‘g‘ri olov yoqib, yangi tandirni sindirib qo‘yishlari mumkin. Oddiy uy tandirlarini 2 kg go‘sht puliga sotamiz”.

O‘g‘illarimni halol bo‘lishga chaqiraman

«2 qiz, 3 o‘g‘lim bor, hammasini uyli-joyli qildim. Ikki o‘g‘lim tandirchilikni davom ettiryapti. Kichik o‘g‘lim ichki ishlar xodimi bo‘laman deganda, avvaliga rozi bo‘lmagan edim. O‘g‘lim, ota, hamma ichki ishlar xodimi ham yomon bo‘lmaydi, bizni halol boqqansiz, men ham halol ishlayman, deb qat’iy turib oldi. Hozirda u vatanimiz tinchligi yo‘lida xizmat qilyapti», deydi Sayfiddin ota. 

Otaxonning qo‘shimcha qilishicha, yoz payti saharlab ish boshlaydi va kun qiziguncha bitirib, keyin yana salqin tushgach mehnatni davom ettiradi.  Kuz-qish paytida ko‘proq dam olishadi, yozda esa to‘xtovsiz ish bo‘ladi.

Tandir yasashda avvallari qo‘l mehnati ko‘proq bo‘lgan bo‘lsa, hozir mexanik asboblar bilan ish ancha yengillashgan.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz,
Montaj ustasi: Sherzod Egamberdiyev.

Mavzuga oid