Jahon | 09:05 / 20.05.2024
2467
3 daqiqa o‘qiladi

Slovakiya rasmiylari: Fitsoga hujum qilgan shaxsning sherigi bo‘lgan bo‘lishi mumkin

Bosh vazirga suiqasd uyushtirishda ayblangan yozuvchi Tsintula, ehtimol, yolg‘iz o‘zi harakat qilmagan, dedi ichki ishlar vaziri Shutay-Eshtok. Robert Fitsoning hayoti xavf ostida emas, deya ma’lum qildi mudofaa vaziri Kalinyak.

Foto: scmp.com

Slovakiya hukumati bosh vazir Robert Fitsoga hujum qilgan shaxs yolg‘iz harakat qilmagan bo‘lishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlarni tekshirmoqda. Bu haqda 19 may, yakshanba kuni mamlakat ichki ishlar vaziri Matus Shutay-Eshtok ma’lum qildi. Suiqasdda ayblanayotgan yozuvchi Yuray Tsintula, ehtimol, yolg‘iz o‘zi harakat qilmagan, deb yozadi Slovakiya OAV Ichki ishlar vazirligi rahbarining so‘zlariga tayanib. Bu versiyani jinoyatchining Facebook sahifasi mazmuni Tsintula huquq-tartibot idoralari xodimlari qo‘lida bo‘lgan va ijtimoiy tarmoqqa kirish imkoni bo‘lmaganida o‘chirib tashlanganligi bilan tasdiqlash mumkin. 

Ayni paytda, hukumat rahbarining hayoti xavf ostida emas, dedi Slovakiya bosh vaziri o‘rinbosari, mudofaa vaziri Robert Kalinyak. «Hammamiz biroz tinchlandik», dedi u Fitso bo‘lgan Banska-Bistritsa shahridagi kasalxona oldida. Biroq, bosh vazirning ahvoli uni davolash maqsadida Bratislavaga olib borish uchun juda og‘irligicha qolmoqda, dedi Mudofaa vazirligi rahbari. 

Robert Fitsoga hujum 

Robert Fitsoga hujum mamlakatning markaziy qismidagi Gandlova shahrida sodir bo‘ldi. Ommaviy axborot vositalarining guvohlarga tayanib xabar berishicha, hukumat sayyor majlisidan so‘ng Slovakiya bosh vaziri mahalliy aholiga murojaat qilgan va shu vaqtda o‘q uzilgan. Siyosatchi qorni, qo‘li va oyog‘idan yaralangan, deya ta’kidladi Standard. Fitso vertolyotda Banska-Bistritsa shahriga olib ketilgan va u yerda operatsiya qilingan.

Hujum sodir etganlikda gumon qilingan shaxs - Slovakiya markaziy qismidagi xususiy xavfsizlik agentligining 71 yoshli sobiq xodimi - hujum sodir bo‘lgan joyda xavfsizlik kuchlari tomonidan qo‘lga olindi. Slovakiya Ichki ishlar vazirligi u yolg‘iz o‘zi harakat qilganini aytdi. Hodisa taxminiy sababi - 71 yoshli shaxsning Slovakiyadagi prezidentlik saylovlari natijalaridan noroziligi. 

Robert Fitso Slovakiya hukumati rahbari lavozimini 2023 yil oktyabr oyida o‘zining «Yo‘nalish – sotsial demokratiya» populistik partiyasi parlament saylovlarida g‘alaba qozonganidan so‘ng uchinchi marta egalladi. U bungacha 2006-2010 va 2012-2018 yillarda vazirlar mahkamasini boshqargan. Oxirgi kampaniya davomida va lavozimga saylanganidan keyin Fitso rossiyaparast pozitsiyani egalladi. 

Mavzuga oid