Jamiyat | 21:38 / 22.05.2024
13631
3 daqiqa o‘qiladi

Kattaqo‘rg‘onda bog‘cha tarbiyalanuvchisi jarohatlandi. Uni boshqa bola tishlab tashlagani aytilmoqda

Kun.uz'ga kelib tushgan suratlarda qizchaning ikki qo‘li va qorin qismida qontalash jarohatlar borligi ko‘rinadi. Bog‘cha xodimasi bolalarni 2 daqiqaga yolg‘iz qoldirganida shunday holat bo‘lganini aytmoqda. Xodima ishdan olinib, holat bo‘yicha surishtiruv boshlandi.

Qizchaning onasi yuborgan suratlar

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida bog‘cha tarbiyalanuvchisi muassasada xuddi tishlab tashlaganga o‘xshash jarohatlar oldi. Holat 20 may kuni Saroyqo‘rg‘on mahallasidagi “Yulduzcha” nomli nodavlat bog‘chada ro‘y bergan.

Kun.uz'ga murojaat qilgan onaning aytishicha, 2 yosh-u 9 oylik qizalog‘i taxminan soat 12 larda shunday holatga tushgan. Bog‘cha vaqti tugaguncha tarbiyachi bu haqda qizning ota-onasiga xabar bermagan.

“Bog‘cha vaqti tugashiga yaqin, soat 15:00 larda xo‘jayinim bolani olgani ketishi kerak edi. Shu vaqtda bog‘chadagi boshqa tarbiyachilardan biri menga qo‘ng‘iroq qilib, “bolangizni olgani kelmaysizmi?” dedi. Men xo‘jayinim borayotganini aytsam, o‘zim ham qo‘shilib borishimni aytdi. “Tinchlikmi?” deb so‘rasam, “ha, tinchlik” dedi. Men xavotir olib, bordim. Qarasam, shu ahvol. Qizim kamida 3 soat shu tishlangan, infeksiya qo‘l bilan yurgan. Hozir har xil narsalarga ukol olib yotibdi, jabrini qizim tortyapi”, – deydi u.

Tarbiyachi qizning onasiga bu voqea 2 daqiqada, bolalarning tuvagini yuvishga chiqib ketgan vaqtida sodir bo‘lganini aytgan. Ona esa bunga shubhasi bildirdi.

“Sog‘lom bola bir marta tishlaydi, qizimni yeb tashlashgan-ku”, – deydi u.

Kun.uz holat yuzasidan bog‘cha tarbiyachisining o‘zi bilan ham bog‘landi. U voqea tashqariga chiqib kelgunicha tezda sodir bo‘lganini, haqiqatan ham e’tiborsizlik qilganini bildirdi. Tarbiyachiga ko‘ra, shundan keyin ertasigayoq bog‘cha ma’muriyati u bilan mehnat shartnomasini bekor qilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bog‘cha xonalarida kamera yo‘qligi sabab aslida voqea qanday bo‘lganini bilishning iloji yo‘q. Qizchaning onasi 20 may kuni holat yuzasidan IIO xodimlariga murojaat qilgan.

Bolalar ombudsmani holatni nazoratga olganini bildirdi.

“Hozirda tergovga qadar tekshiruv olib borilib, voyaga yetmagan A.Sh.ga nisbatan yetkazilgan jarohatlarning darajasini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan. Bu borada qo‘shimcha axborot beriladi”, – deya ma’lum qildi bola huquqlarini himoya qilish organi.

Avvalroq Andijondagi bog‘chada tarbiyachi bolani kaltaklagani ma’lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid