Sport | 22:29 / 24.05.2024
7011
3 daqiqa o‘qiladi

«Barselona» va Negreyra bo‘yicha shov-shuvli korrupsiya ishi sud tomonidan yopildi

Ispaniyaning «Barselona» futbol klubi ko‘p yillar davomida hakamlar ishiga mas’ul bo‘lgan amaldorga pul to‘lab kelgani aniqlandi. Ammo bu bilan bog‘liq korrupsiya ishi yakuniga yetmay qoldi. 

Foto: fcbarcelona.com

«Barselona» futbol klubi va Ispaniya futbol federatsiyasi (RFEF) hakamlar texnik qo‘mitasi sobiq vitse-prezidenti Xose Mariya Enrikes Negreyra bilan bog‘liq korrupsiya ishi yopildi. 

24 may kuni Barselona shahri sudi ham klubga, ham Negreyraga qarshi qo‘yilgan barcha ayblovlarni olib tashladi. 

So‘nggi yillarda futbol olamidagi eng shov-shuvli mojarolardan biri, «Barselona»ning deyarli butun rahbariyatini (shu jumladan, sobiq rahbariyatini ham) qamrab olgan ish natijasiz tugadi. 

Mojaro o‘tgan yil bahorida boshlandi. Ispaniya prokuraturasi Ispaniya futbol federatsiyasidagi hakamlar ishiga mas’ul bo‘lgan Xose Mariya Enrikes Negreyra va «Barselona» rahbarlarining uzoq muddatli va yaqin hamkorligiga qiziqib qoldi. Prokuratura 2001 yildan 2018 yilgacha bo‘lgan davrda Negreyra va uning o‘g‘li nazoratidagi kompaniyalar «Barselona»dan jami 7,8 million yevroga yaqin mablag‘ olganini aniqladi. 

Bu voqea Ispaniya futbol jamoatchiligining noroziligiga sabab bo‘ldi. La Liga rahbari Xaviyer Tebas bu mojaroni «ispan futbolidagi eng katta muammo» deb atadi. 

Negreyra o‘zini oqlar ekan, «Barselona» uchun u yoki bu hakamning statistik ma’lumotlari va xatti-harakatlari namunasi bo‘yicha hisobot tayyorlab berganini va bu odatdagi amaliyot ekanini ta’kidladi. 

Negreyraning ishi haqiqatan ham juda istiqbolli ko‘rinardi. Jumladan, o‘tgan yilning sentabr oyida Barselona shahri tergov sudi boshlig‘i Xoakin Agirre bu ish bo‘yicha Negreyra, «Barselona» va uning ikki sobiq prezidenti - Sandro Rossel va Xosep Bartomeuga 17 yil davomida korrupsiya sxemasida ishtirok etganlikda ayblanuvchi maqomini berdi. Ularning barchasi poraxo‘rlikda ayblandi. 

Biroq, Negreyra haqiqatan ham ispaniyalik hakamlarga «Barselona» foydasiga qaror chiqarish uchun bosim o‘tkazganini tasdiqlaydigan dalillar yo‘q edi. 

Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UYeFA) tomonidan olib borilgan surishtiruvda kriminal holatlar aniqlanmadi. 2024 yil yanvar oyida esa 79 yoshli Negreyra sudga psixiatr xulosasini taqdim etdi. Unda aytilishicha, Negreyra keksalik bilan bog‘liq aqliy zaiflikdan aziyat chekadi va bu uning sud jarayonida guvohlik berishiga to‘sqinlik qiladi. Shuningdek, unda Alsgeymer og‘ir xastaligi borligi ham aniqlandi. Ammo sud bu tashxislarga qaramay, Negreyrani javobgarlikka tortish mumkin deb hisobladi. 

Biroq, Negreyraning sog‘lig‘i ehtimolini hisobga olgan holda, prokurorlar oxir-oqibat barcha ayblovlarni olib tashladilar. Sud esa ishni yopiq deb e’lon qilishdan o‘zga chora topmadi.

Mavzuga oid