O‘zbekiston | 07:32 / 27.05.2024
4804
1 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda noqonuniy baliq ovlash natijasida tabiatga 1 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazildi

Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi Konimex tuman bo‘limi davlat inspektorlari tomonidan navbatdagi nazorat reyd tadbiri o‘tkazildi. 

Foto: Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabariga ko‘ra, tumanning “Sho‘rko‘l” MFY hududidagi reyd davomida fuqaro Y.O. tomonidan 5 ming metrlik sintetik to‘r yordamida tabiiy suv havzasi hududida 218 bosh baliq noqonuniy ovlanganligi aniqlangan. Tabiatga 1 milliard 240 million 300 ming so‘m zarar yetkazilgan.

Holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan MJtKning 90-moddasi (ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzish) 4-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. 

Yetkazilgan zararni undirish va tegishli chora ko‘rish maqsadida to‘plangan hujjatlar sud organlariga yuborilmoqda.

Mavzuga oid