Jamiyat | 16:18 / 01.06.2024
15174
7 daqiqa o‘qiladi

 “Bolalarga maishiy muammolarni singdiryapmiz” – bolalarni erta "ulg‘aytirayotgan" loyihalar haqida

Ijtimoiy tarmoqlarda bolalar ishtirokida olinadigan kontentlar ortida qanday maqsadlar yotadi? Ushbu kontentlar bolalarning ruhiyati va tarbiyasiga, ularni kuzatayotgan bolalar auditoriyasiga qanday ta’sir qiladi? Kun.uz bu masalada mutaxassis va bolalar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilot fikrlarini o‘rgandi.

Bugun jilovsiz axborot makoni hammamizni o‘z qa’riga tortyapti. Ijtimoiy tarmoqlar esa ko‘pchilikning eng ko‘p vaqt sarflaydigan makoni va u yerda bolalar ishtirokida ham ko‘plab kontent yaratilmoqda. Bu roliklarda ularning o‘z yoshiga munosib bo‘lmagan turli holatlarni talqin qilayotganini ko‘rish mumkin. Ular ijtimoiy tarmoqlarda millionlab marta ko‘riladi. Bolalar bu rollarda kattalarga taqlid qilishadi, kattalarga xos emotsiyalar, ko‘z qarashlar, qochirimlarni bajarishadi.

Bolalarning bunday loyihalarda ishtirok etishi, buni ularga va boshqa bolalar tarbiyasiga ta’siri haqida mutaxassislardan izoh so‘radik.

Guli To‘rayeva, psixolog:

 “Bugun ijtimoiy tarmoqlardagi kontentlarni 2ga bo‘lish mumkin: foydali, biror ma’lumot olish mumkin bo‘lgan kontentlar va shunchaki odamlar e’tiborini qozonish, “prosmotr” uchun, layklar sonini ko‘paytirish uchun olinayotgan roliklar. Buni oddiy hol deb qarashimiz, bolalarning aktyorlik qobiliyatlariga tan berishimiz mumkin. Bu masalaning bizga ko‘rinib turgan tomoni. Ammo uning ko‘zga ko‘rinmaydigan tomoni ham bor.

Bolalarimiz 7 yoshdan to maktabni tugatguncha bo‘lgan davrda ilm olishga eng ehtiyojmand bo‘lishadi. Biz ularni qayerga yo‘naltirsak o‘sha tarafga yo‘naladi. Ya’ni ular kattalarni rolini o‘ynayapti. Bizda “onaxotin” degan atama bor-ku, xuddi shu holatga tushishadi. Bolada bolani ko‘rmaysiz, o‘zini tutishi, gap-so‘zi kattalar kabi. Shu rolga o‘tib olgan bolalar o‘zini kattalarday tutib o‘z oilalarida oilaviy muhitni buzmasliklariga hech kim kafolat bermaydi.

Bu rollarni ular o‘zlari qila olmaydi, ularning orqasida rejissyorlari bor. Bu rejissyorlar albatta ota-onalar. Bu roliklarni olish, auditoriya yig‘ishning o‘zi bo‘lmaydi – katta mehnat talab qiladi. Bu bolalar ota-onaning qurboni bo‘lyapti. Ular qaysidir maqsadda – yoki pul topish uchun, yoki auditoriya yig‘ish uchun, e’tiborda bo‘lish uchun ota-ona farzandidan foydalanyapti. Bu yerda ruhiy bosim turibdi”.

Sitora Alixonzoda, jurnalist (Turkiya):

 “Turkiyada oxirgi paytda aynan mana shu masalalarda jamoatchilik jiddiy talablar bilan chiqyapti. Hatto instagramdagi fenomenlar, (bizda instabloger deyilarmidi) bolalarini tug‘ilganidan boshlab, kun tartibini, ko‘zini ochishi bilan telefonda video olib tinimsiz relslarda, storislarda joylashi, umuman yosh bolalarini "reklama" qilib pul topayotganlarni javobgarlikka tortish haqida qaror tashabbusi bilan chiqishyapti. Takliflar berilyapti.

Bunaqa fenomen oilalar ko‘p. Maqsad ko‘p kuzatuvchiga ega bo‘lish va reklama olish. Boyish!

Turkiyada oila vazirligi bor, ana shu vazirlik hozirda ogohlantirish bilan chiqyapti. Siz nazarda tutgan bolalarning kattalarga taqlid qilib video olishiga o‘xshash holatlar qattiq qoralanadi va bo‘lsa ham darrov chora ko‘rishadi. Oila vazirligi hatto bir ijtimoiy rolik ham chiqargan TVlarda berilyapti xuddi shu mavzuda”.

Surayyo Rahmonova, bolalar ombudsmani:

“Bunga nisbatan bolalar ombudsmani sifatida pozitsiyamiz qat’iy – buni qoralaymiz. Chunki, bola himoyalanmagan darajadami – demak ota-ona birinchi navbatda bunday mediakontent yaratishda bolaning ertangi kuniga ta’sirini ham hisobga olishi kerak. Afsuski bu savol ota-onalarni ko‘p ham o‘ylantirayotgani yo‘q. Bu achinarli va afsuslanarli holat.

Bu ham majburiy mehnatning bir ko‘rinishi. Chunki bolani majburlash faqat uning ixtiyoriga qarshi harakatlar bilan namoyon bo‘lmaydi. Ya’ni bu yerda bolaning roziligi masalasi chetga o‘tyapti va ota-ona tomonidan boladan qanday maqsadda foydalanish masalasi oldinga chiqyapti. Buni bolani majburlash deb baholash mumkin.

Bizda hali bu masalaning huquqiy tomondan to‘liq tartibga solinmagani uchun chora ko‘rish imkoni yo‘q. Lekin bu bolaga nisbatan zo‘rlikning, zulmning bir ko‘rinishi ekanligini anglatish, odamlarga tushuntirish muhim hisoblanadi.

Ota-onalar bolani namoyish qilishda uning ertangi kunida, ruhiy sog‘ligida, unib-o‘sishida, jamiyatda o‘z o‘rnini topishida salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini e’tiborga olishlari zarur”.

Guli To‘rayeva, psixolog:

 “Bu bolalarni kuzatayotgan boshqa bolalar ham ularga taqlid qilib, o‘zlarining bolalik davridan qaytib, ularga ergashish ehtimoli katta. Masalan o‘sha yoshda sportda, o‘qishda katta muvaffaqiyatlarga erishganlar haqidagi kontent bo‘lsa bolaga ijobiy ta’sir qiladi.

Bugun ijtimoiy tarmoqlarga uzviy bog‘langanmiz. Kelinlarimiz, onalarimiz ba’zida charchaganda yoki qattiq band bo‘lganda bolamizga telefon tutqazib qo‘yamiz. Ular bu roliklarni ko‘radi va shularni ortidan beixtiyor ergashadi. Biz bolalarni shunaqa maishiy muammolarga o‘ralashtiradigan bo‘lsak, ularning miyasi shu mayda muammolar bilan band endi. Hayotni faqat o‘sha narsalar bilan ko‘radi, o‘sha qolipga tushadi. Bundan keyin ham hayot faqat o‘sha maishiy muammolardan iborat deb biladi va ongiga shu singadi. Bola ko‘rgan narsasini takrorlashni boshlaydi. Shuning uchun kuzatuvchilarga bunaqa kontentlarning ta’siri katta bo‘ladi. Bu mazmunda kontent yaratayotganlar sanoqli bo‘lishi mumkin, ammo ularni kuzatayotgan va ergashayotganlar soni juda katta. Bu juda xavfli holat. Biz maishiy muammolarga o‘ralashib qolsak, ularni yechishga tafakkurimiz yetmasa – biz bu muammolarning qurboni bo‘lamiz.

Masalan, ulg‘ayib turmushga chiqqanda qaynonasi yaxshi bo‘lsa ham, qaynonadan doim o‘ziga dushman yasaydi, undan shuni kutadi, gumonda katta bo‘ladi bola. Bolaning asl fitrati toza bo‘lmaydi. Buni esa shunday kontentlar orqali biz singdiryapmiz – qaynona yomon bo‘lishi, er obrazi singdirilyapti. Buni ko‘rgan bolalar katta bo‘lganda ham hayotga o‘sha nazar bilan qaraydi”.

Gulmira Toshniyozova tayyorladi.
Operator Oxun Normurodov.

Mavzuga oid