Jamiyat | 11:22 / 01.06.2024
22801
3 daqiqa o‘qiladi

Sharof Rashidovning asl suratlaridan tarixiy tangalargacha bor – payvandchi kolleksioner   

Bog‘dodlik Mirzaolim Tursunov asli payvandchi usta. Ermitaj muzeyi yaqinida harbiy xizmatni o‘tagan usta o‘sha davrlardanoq tarixiy bumlar to‘plashga qiziqa boshlagan. Hozirda uning shaxsiy kolleksiyasida bir muzeynikidan kam bo‘lmagan turli tarixiy buyumlar to‘plangan. 

Bog‘dod tumanida yashovchi Mirzaolim Tursunov hunari ortidan elda hurmat topganlardan: u uzoq yillardan beri payvandchilik qilib, ro‘zg‘or tebratib keladi. Qolaversa, usta tarixiy buyumlar to‘plashga ham qiziqadi. Uning shaxsiy kolleksiyasida bir muzeynikidan kam bo‘lmagan turli tarixiy buyumlar yig‘ilgan.

 “Erishganlarimning barchasi payvandchilikdan. Kasbimdan, qilayotgan ishimdan zavq olaman. Mehnatdan qochish yo‘q, elning xizmatini qilib kelyapman. Hunar ortidan imoratlar ko‘tardim, to‘ylar qildim.

Oilamning tinchligi, sog‘lig‘i, yurt tinchligi men uchun baxt. 3 farzandim bor, ular bilan faxrlanaman. Katta o‘g‘lim doim men bilan, shogirdim. Kichik o‘g‘lim esa Toshkentda, Turizm qo‘mitasida ishlaydi. Qizim turmushga chiqqan, ingliz tili yo‘nalishida o‘qiydi. Ishdan charchab kelganimda yig‘ib qo‘ygan milliy cholg‘u asboblarini chalib, madaniy hordiq olaman”, deydi usta.

Usta Ermitaj muzeyi yaqinida harbiy xizmat o‘tagani sabab kolleksiya yig‘ishga qiziqib qolgani, Farg‘ona davlat universitetining tarix fakultetiga imtihon topshirib kira olmagani haqida so‘zlab berdi.

“Kolleksiyani 1990 yildan yig‘ishni boshlaganman. Tarix faniga qiziqaman. Lekin tarix fakultetiga o‘qishga kira olmadim. Xizmatga ketdim, Ermitaj muzeyiga yaqin joyda edi harbiy bo‘limimiz. Muzeyga kirib, eksponatlarni ko‘rib, sohaga qiziqib qoldim.

Xizmatdan kelgach, tangalar, qog‘oz pul, turli buyumlar yig‘a boshladim. Asosan tangalar, miskarlik, kandakorlik, zargarlik mahsulotlari, kitoblar bor. Turli eski davr suratlari – Sharof Rashidov, Mamadali Topvoldiyev, Usmonxo‘jayevlarning asl suratlarini ham saqlayman.  

Yerto‘ladagi eksponatlar 34 yildan buyon yig‘ilyapti. Turli joylardan sotib olib kelganman. Buyumlarim boshqalar uchun arzimas narsadir, lekin men uchun juda qimmatli. Tarix bular», deydi u.

Mirzaolim Tursunovning qo‘shimcha qilishicha, kolleksiya yig‘ish u uchun hayot mazmuniga aylangan. Yaqinda muzey ochishni ham niyat qilmoqda. Hozirda uning kolleksiyasida 3 mingga yaqin eksponat bor. 

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Sherzod Egamberdiyev

Mavzuga oid