O‘zbekiston | 22:45 / 01.06.2024
31174
3 daqiqa o‘qiladi

“Xalq puli, xalq mulki degan narsa yo‘q” – Salohiddin Nuriyev  

Qashqadaryo viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i Salohiddin Nuriyev  bloger bilan suhbatda “xalq puli, xalq mulki degan narsa yo‘qligini, pul davlat budjetiga o‘tdimi, davlat mulkiga aylanishini” ta’kidladi. Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘ining tarmoqlarda tarqalgan, ushbu suhbat aks etgan videosi o‘rganilayotganini bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i Salohiddin Nuriyev va bloger o‘rtasidagi suhbat videosi tarqaldi. Adliya vazirligi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Videoda ko‘rinishicha, bloger boshqarma boshlig‘iga qarata:

“Agar davlat xizmatchisini ijtimoiy tarmoqlarda tanqid qilish taqiqlanadigan bo‘lsa, o‘sha davlat xizmatchisi davlat budjetidan oylik olmasligi kerak. Chunki, bizlar to‘lagan soliqdan ular oylik olyapti”, deya fikr bildirgan.

Salohiddin Nuriyev esa uning bu fikrlariga qarshi fikr bildirgan hamda xalq puli degan narsa yo‘qligini aytgan.

“Soliqni hamma to‘laydi, bitta siz emas. Shu jumladan, oylik olayotgan odamning o‘zi ham to‘lagan soliqning ma’lum bir qismi aylanib keladi. Xalqning mulki, xalqning puli degan narsa bu davlat budjetiga o‘tdimi, davlatning puliga aylanadi o‘z-o‘zidan. U qanaqa yo‘l bilan shakllanishi ikkinchi masala. Chunki unda hamma ishtirok etadi”, deya ta’kidlagan Nuriyev.  

Adliya vazirligi rasmiy munosabat bildirib, holat o‘rganilayotganligini ma’lum qildi. 

«Hozirda, mazkur holat vazirlik tomonidan o‘rganilmoqda, o‘rganish yakunlari bo‘yicha holatga baho beriladi.

Shu bilan birgalikda, davlat organlari o‘z faoliyatida xalq oldida hisobdor ekanligi Konstitutsiyada belgilab qo‘yilganligi, Adliya vazirligi faoliyati shu jumladan, jamoatchilik oldida qat’iy hisobdorlik prinsipi asosida tashkil etilganligi ma’lum qilinadi.

Xususan, O‘zbekiston Konstitutsiyasiga ko‘ra, xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir. Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar. 

Barcha fuqarolar, fuqarolik jamiyati institutlari belgilangan tartibda, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining shakllantirilishi hamda ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi mumkin», deyiladi vazirlik munosabatida. 
 
Qayd etilishicha, o‘rganish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Ma’lumot uchun, 43 yoshli Salohiddin Nuriyev 2024 yilning fevral oyida Qashqadaryo viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan. Bungacha u Samarqand viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan. 

Nuriyev 2014 – 2018 yillarda Namangan viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i, 2018 yil Qashqadaryo viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ham faoliyat ko‘rsatgan.

Mavzuga oid