O‘zbekiston | 12:18 / 02.06.2024
29299
3 daqiqa o‘qiladi

Ashxobod bog‘i direktori, uning o‘rinbosari va reklama bo‘limi boshlig‘i 15 sutkaga qamaldi

Ular tegishli tashkilotlarning ogohlantirishiga qaramasdan o‘zboshimchalik bilan bog‘da fuqarolarga xavf tug‘dirgan tadbirni o‘tkazgani uchun shunday jazoga tortilgan.

Foto: IIV

1 iyun – Xalqaro bolalar kunida Toshkentdagi Ashxobod bog‘ida fuqarolarga xavf tug‘dirgan tadbirni o‘tkazgan bog‘ direktori, uning o‘rinbosari va reklama bo‘limi boshlig‘i 15 sutkaga qamalgan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 1 iyun kuni soat 12:00 da Ashxobod ko‘ngil ochar bog‘ida tekinga 20 mingta o‘yinchoq va muzqaymoq tarqatilishi haqida bog‘ ma’muriyati tomonidan ijtimoiy tarmoqda reklama chiqarilgan.

Bir vaqtning o‘zida kelishi taxmin qilingan bir necha o‘n ming odamni bog‘ sig‘dira olmasligi, yo‘l harakati va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash talablarga javob bermasligi sababli bu tadbirni o‘tkazmaslik haqida bog‘ rahbariyati ogohlantirilgan.

Biroq bog‘ ma’muriyati ommaviy tadbirlarni o‘tkazish talablariga rioya etmasdan, tekinga o‘yinchoqlar tarqatilishi haqidagi reklamani ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatib, bog‘ hududida va uning atrofida aholining ommaviy ravishda to‘planishiga sababchi bo‘lgan va bu harakati orqali fuqarolarga xavf tug‘dirgan.

Oqibatda bog‘ hududiga kirish-chiqish va ayrim ichki yo‘nalishlarida tiqilinch vaziyat hamda bog‘ga olib keluvchi va yaqin avtomobil yo‘nalishlarida tirbandliklar yuzaga kelgan. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning sa’y-harakati bilan bu tirbandliklar bartaraf etilib, fuqarolar tinch tarqatilgan.

Holat yuzasidan Yashnobod tumani IIO FMB tomonidan bog‘ direktori A.N., direktor o‘rinbosari A.Z., reklama bo‘limi boshlig‘i D.T.ga nisbatan MJtKning 185 prim 3, 200 prim 1, 201-moddalariga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi tomonidan ushbu fuqarolarga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Ma’lumot uchun, avvalroq Ashxobod bog‘ida 1 iyun kuni 20 ming dona o‘yinchoq va muzqaymoq tekin tarqatilishi haqida e’lon berilgandi. Shundan so‘ng 1 iyun kuni bog‘ga juda ko‘p odam kelgan. Oqibatda bog‘da tartibsizlik yuz bergan va odamlar o‘rtasida o‘zaro janjal yuzaga kelgan. Ayrim ko‘chalarda avtomobillarning yirik tirbandligi kuzatilgan, ma’lum vaqt metro vagonlariga odam sig‘may qolgan.

Mavzuga oid