Jamiyat | 13:59 / 02.06.2024
43034
9 daqiqa o‘qiladi

Kesarcha kesish orqali dunyoga keltirish – bola uchun bu usul xavflimi?

Ko‘pchilik agar bola tabiiy tug‘uruq bilan emas, balki kesarcha kesish usulida tug‘ilsa, sog‘lomroq bo‘ladi deb hisoblaydi. Chindan ham shundaymi? Kun.uz shu kabi qator savollarga javob olish uchun mutaxassislar fikrini o‘rgandi.

Bir kunning o‘zida dunyoda o‘rtacha 385 ming bola tug‘iladi. Ona bolasini 2 xil usulda: tabiiy va kesarcha kesish usuli bilan tug‘ishi mumkin. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ruxsat bergan me’yorga ko‘ra, jami tug‘uruqlarning 10-15 foizi kesarcha kesish usuli bilan amalga oshirilishi kerak. Biroq kesarcha kesish usulida farzand dunyoga keltirish ko‘rsatkichi yildan yilga oshib boryapti. Hozir dunyo bo‘yicha 21 foiz tug‘uruq kesarcha kesish usulida amalga oshiriladi. 2030 yilga borib bu ko‘rsatkich 29 foizga yetishi prognoz qilingan.

Kesarcha kesish usulida farzand dunyoga keltirish faqatgina shifokor ko‘rsatmasiga binoan amalga oshirilishi kerak. Shunda ona va bolada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ko‘p kasalliklarning oldini olish, o‘lim holatlarini kamaytirish mumkin.

Aksincha, agar zaruratsiz holatda ham kesarcha kesish amaliyoti bilan tug‘uruq o‘tkazilsa, bu onaga ham, bolaga ham zararli bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonda agar shifokor ko‘rsatmasi bo‘lmasa, kesarcha kesish usulida tug‘ishga ruxsat berilmaydi. Faqat ko‘rsatma mavjud holatlardagina bu amaliyotga ruxsat beriladi.

Respublika perinatal markazi akusher ginekologi Umida Yunusbekova kesarcha kesish operatsiyasi jiddiy operatsiya ekanini, agar ko‘rsatma bo‘lmasa, shifokorlar bu turdagi operatsiyani o‘z-o‘zidan o‘tkaza olmasligini ta’kidladi:

“Kesarcha kesish usulida tug‘uruq uchun absolyut va nisbiy ko‘rsatmalar mavjud. Bachadonda 2 ta chandiqning bo‘lishi (2 marta kesarcha kesish usulidagi tug‘uruq), yo‘ldoshning oldinda joylashishi, ayolda yurak-qon tomir kasalliklari yoki boshqa qo‘yilgan turli diagnozlar bilan kesarcha kesish usulida tug‘ish tavsiya qilinishi mumkin. Bundan tashqari, bolaning holatiga qarab ham kesarcha kesish usulida tug‘uruq tanlanishi mumkin”.

Tug‘uruq bola uchun nega muhim?

Respublika perinatal markazi bo‘lim mudiri Umida Azimovaning qayd etishicha, tabiiy tug‘uruq vaqti chaqaloq uchun tug‘uruq stressi hisoblanadi va bu payti unda kotexolomin gormoni ajralib chiqishiga sabab bo‘ladi. Bu modda bolaning o‘pka suyuqligi so‘rilishiga yordam beradi. Va bu jarayonda bolaning birinchi yig‘isi, nafas olishi, mushak tonuslari faollashishi, reflekslari paydo bo‘lishi sodir bo‘ladi. Ya’ni bola tashqi muhitga moslasha boshlaydi.

Bundan tashqari, bola onaning tug‘uruq yo‘llaridan o‘tayotganda u o‘ziga foydali bakteriyalarni oladi. Bu bakteriyalar uchun ichaklari sog‘lom bo‘lishiga yordam beradi.

“Bola dunyoga kelgach, u tashqi dunyoga moslashishi kerak. Bu paytda uning uchun eng xavfsizi onasining bakteriyalaridir. Chunki u 9 oy onasining qornida bu bakteriyalarga moslashadi. Shuning uchun bola qindan o‘tayotganda onasidan laktobakteriyalarning birinchi qismini olib o‘tadi. Bu bakteriyalar uning ichaklarini sog‘lom tarzda to‘ldiradi.

Ikkinchi bosqichda esa bola onasining qorniga yotqizilishi va shu yaqinlik sabab onasidan foydali bakteriyalarni olishi kerak. Uchinchi bosqichda esa u tug‘ilgandan so‘ng 1 soat ichida emizilishi kerak. Kesarcha kesish usulida tug‘ilgan bolalarda bu 3 ta qadam bo‘lmay qolishi ehtimoli borligi uning onasidan foydali bakteriyalar olish o‘rniga shifoxonadagi boshqa biror tashqi mikrobni olishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu uning ichaklari uchun zararli”, deb tushuntirdi pediatr Mushtariy Ershageva.

Kesarcha usulida tug‘iladigan bolalar ulushi yuqori davlatlar

Ba’zi davlatlarda “onaning iltimosi bilan”, ya’ni ona xohlagani uchun operatsiya bilan tug‘uruq amalga oshirish mumkin. Shu sabab ayrim mamlakatlarda kesarcha kesish orqali tug‘ish ko‘rsatkichi tabiiy tug‘uruqlar sonidan ham ko‘proq. 

Masalan, Dominikan Respublikasida tug‘uruqlarning 62,9 foizi, Turkiyada 58,4 foizi, Braziliyada 56,4 foizi, Janubiy Koreyada 53,8 foizi, Meksikada esa 52,6 foizi kesarcha kesish orqali amalga oshiriladi.

Bola qanday tug‘ilsa yaxshi?

Feysbuk ijtimoiy tarmog‘i orqali farzandini tabiiy va kesarcha kesish orqali dunyoga keltirgan onalar fikrini ham o‘rgandik. Kesarcha kesish amaliyoti orqali tug‘gan ayollarning aksari tug‘uruqdan keyin tiklanishning qiyinroq bo‘lganini, uzoq muddatli davrda esa bosh va bel og‘rig‘i, xotira pasayishi kabilardan qiynalishlarini aytishdi. Ammo tabiiy tug‘uruqdan keyin ham sog‘ligida muammolar orttirib olgan onalar ham bor.

Ba’zi onalarning fikricha, kesarcha kesish oqrali tug‘ilgan bolalar sog‘lomroq bo‘ladi. Biroq vrachlar bu fikrni inkor qildi, bolalarning sog‘ligi uning qanday usulda tug‘ilganiga bog‘liq bo‘lmaydi. Aksincha, bola uchun tabiiy tug‘uruq xavfsizroq.

“Bola tabiiy tug‘uruq bilan tug‘ilsa, ona unga stressga qarshi gormonlar beradi. Mana shu gormonlarni olmaslik, bola uchun yaxshi emas. Chaqaloq tug‘ilgach, bir sutkagacha uning buyragi, 3 kungacha esa jigari ishlamaydi. Ichaklari esa hali varaqlanmagan kitob kabi bo‘ladi. Bu paytda bolaga onasi yuborgan stressga qarshi gormonlar juda foydali”, dedi pediatr Mushtariy Ergasheva.

Nega kesarcha kesish usulida tug‘ish “ommalashmoqda”?

Dunyo miqyosida ayollarning yildan yilga ko‘proq kesarcha kesish amaliyotini tanlayotganining sabablari turlicha.

Lancet jurnali o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, kesarcha kesish amaliyoti shaxsiy tanlovga aylanayotganiga tabiiy to‘lg‘oq azobidan qo‘rqish, tabiiy tug‘uruqda shikastlanishdan qochish kabilar ham sabab bo‘ladi. Ba’zi davlatlarda kesarcha kesish amaliyoti tabiiy tug‘ruqqa qaraganda xavfsizroq degan qarash ham bu amaliyotning ko‘payishiga olib kelmoqda.

Bundan tashqari, o‘rganishlar natijasida xususiy tug‘uruqxonalarda davlat tug‘uruqxonalariga qaraganda ko‘proq kesarcha kesish orqali tug‘uruqlar amalga oshirilishi qayd etilgan.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, onalar o‘rtasida semizlik darajasining oshishi, ko‘p farzandlilik va kech farzandli bo‘lish holatlari ko‘payayotgani ham kesarcha kesish orqali farzandli bo‘lish holatlari oshishiga sabab bo‘lyapti. Oxirgi yillarda koronavirusga chalingan homilador ayollar ham farzandini kesarcha kesish amaliyoti orqali dunyoga keltirgan.  

Kesarcha kesish bilan nechtagacha tug‘ish mumkin?

Umida Yunusbekovaning qayd etishicha, kesarcha kesish usulida nechtagacha farzand dunyoga keltirish har bir ayolning holatiga qarab individual tarzda baholanadi. Lekin eng muhimi, ayol kamida 3 yil o‘z sog‘ligini tiklab olish uchun tug‘uruq oralig‘ini saqlashi kerak.

Nima qilish kerak?

Kesarcha kesish usuli orqali farzand dunyoga keltirish ham tug‘uruqning bir usuli. Lekin bu usulda tug‘ilishning ko‘payishi keyingi avlod sog‘ligiga ta’sir qilishi mumkin. Buning oldini olish uchun onalar sog‘lig‘iga e’tiborli bo‘lishi, homiladorlikka alohida tayyorgarlik ko‘rishi, farzandli bo‘lgach esa bolasining immunitetini oshirish ustida ishlashi kerak.

Akusher ginekolog qizlar turmushga chiqishdan oldin, farzandli bo‘lishni rejalashtirayotganda esa er-xotin birgalikda ota-ona bo‘lish uchun tayyorgarlik ko‘rishi kerak.

Agar vaziyat kesarcha kesish usulida tug‘ishni taqazo qilsa, bola tug‘ilayotgan jarayonda “oltin soat” vaqti (bola tug‘ilgan ilk soat) uni bag‘riga bosish, 1 soat ichida emizish kabi muhim bosqichlarni bajarishga harakat qilishlari kerak.

2 yil davomida ona suti bilan oziqlantirish, to‘g‘ri parvarish qilish orqali ham bola sog‘ligida paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan xavflarning oldini olish mumkin.

Zilola G‘aybullayeva, Kun.uz
Tasvirchi va montaj ustasi: Shohruzbek Abdurayimov

Mavzuga oid