Jamiyat | 17:10 / 02.06.2024
9324
2 daqiqa o‘qiladi

Telegram’da o‘zganing rasmlarini tarqatib yuborgan yigit ushlandi

Yigitga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Qashqadaryo viloyatida yashovchi ayol Z.Z. IIBga murojaat qilib, o‘zining uyatli foto hamda videotasvirlari noma’lum shaxs tomonidan Telegram’da tarqatib yuborilganini ma’lum qilgan. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar bermoqda.

Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu jinoyatni Qashqadaryo viloyatida yashovchi yigit X.A. sodir etgani aniqlangan.

Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan yigit ayol bilan ma’lum vaqt ishqiy munosabatda bo‘lib kelgan va uning turli behayo fotosuratlarini Telegram orqali qo‘lga kiritib, tarqatib yuborgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan X.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 141 prim 3-moddasi 1-qismi (shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 141 prim 3-moddasi 1-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 360 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Mavzuga oid