Karib dengizidagi orol suv ostiga ketmoqda - uning aholisi esa materikka ko‘chib o‘tishiga to‘g‘ri kelmoqda
«Iqlim muhojirlari» tashlab ketishga majbur bo‘layotgan oroldan fotoreportaj.
Karib havzasidagi Panamaga tegishli Gardi Sugdub oroli aholisi vakillarini katta yerga ko‘chirish ishlari boshlandi, deb xabar beradi Associated Press agentligi. Ko‘plab kuzatuvchilar buni global isish tarixidagi muhim ramziy palla deb hisoblashmoqda: Gardi Sugdub iqlim o‘zgarishi natijasida dengiz sathi ko‘tarilishi bevosita ta’sir ko‘rsatadigan dastlabki orollardan biri sanaladi. «Meduza» iqlim inqirozi orolni yashash uchun yaroqsiz holatga keltirgani va nima uchun bunda birgina global isishning o‘zi aybdor emasligi haqida hikoya qildi.
Gardi Sugdub Panama shimolidagi Avliyo Vlasiya (Sant-Blas) arxipelagi tarkibiga kiruvchi o‘nlab katta-kichik tropik orollardan biri bo‘lib, sohil chizig‘idan taxminan bir kilometr masofada joylashgan. Uning hajmi uzunasiga 400 metr va eniga 150 metrni tashkil etadi. Bu yerda taxminan 300 oila yashaydi — arxipelagning boshqa orollaridagi kabi Gardi Sugdubda ham asosan hindularning kuna (yoki guna) xalqi istiqomat qiladi. Orolga ular taxminan 200 yil muqaddam kelib o‘rnashishgan va bugungi kunda kuna xalqining turmush tarzi dengiz bilan chambarchas bog‘liq.
Ammo so‘nggi yillarda orol kuchli suv toshqinlariga duchor bo‘lmoqda, ayniqsa kuchli shamollar esadigan noyabr va dekabr oylarida. 2008 yilda orolda rekord darajadagi halokatli suv toshqinlari ro‘y bergan, shundan keyin orol ma’muriyati materik qismiga majburiy relokatsiya rejasini ishlab chiqa boshlagan. Hukumat qarorni qo‘llab-quvvatlagan, ammo ko‘chirish jarayoni juda kechikkan: faqat 2015 yilda Panama hukumati orolga yaqin hududda 300 uy qurish uchun budjetdan mablag‘ ajratishga va’da bergan — sohildagi yer kunalar mulki bo‘lsa-da, odamlarda uy qurishga mablag‘ yo‘q edi.
Qurilish ishlari amalda 2018 yilda boshlangan va faqat bugungi kunga kelib, 2008 yilgi toshqinlardan 16 yil o‘tganida Gardi Sugdubda yashovchilarni katta yerga ko‘chirish boshlandi. Hammani emas: ayrim oilalar qancha vaqt imkoni bo‘lsa shuncha vaqt orolda qolishni rejalashtirgan. Ko‘chirish ishlari ixtiyoriy amalga oshirilmoqda va Panama hukumatida buni majburiy qilish rejasi ham yo‘q. AP ma’lumotiga ko‘ra, aholini yangi joyga ko‘chirib o‘tkazish qiymati bugungi kunda 12 million dollarni tashkil etadi.
Gardi Sugdub aholisini to‘laqonli iqlim ko‘chmanchilari deb hisoblash mumkinmi, bu juda murakkab savol. Dunyo okeanlari sathi ko‘tarilishi chindan ham ro‘y bermoqda — nafaqat yerdagi, balki sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari ham buni tasdiqlaydi. Karib dengizida ham bu jarayon butun sayyoradagi o‘rtacha ko‘rsatkich bilan deyarli bir xil sur’atda kechmoqda. Ammo bu sur’at — yiliga 1,8–2 millimetr — o‘z-o‘zidan orol suv ostida qolishini anglatmaydi. Undan ham jiddiyroq omil — bo‘ron ko‘tarishga qodir bo‘lgan shamollar rejimidir. Global isish birinchi navbatda shunday bo‘ronlar ehtimolini oshiradi. Tropik orollar bilan bog‘liq vaziyatda bu bilvosita, ammo okean sathi ko‘tarilishidan ko‘ra muhimroq omildir. Shu bilan birga, shamol rejimiga nafaqat antropogen global isish, balki, masalan butun sayyoradagi iqlimni nazorat qila oladigan, Tinch okeanidagi shamollarning siklik o‘zgarishi hisoblangan El-Ninyo ham ta’sir ko‘rsatadi.
Gardi Sugdub xarob bo‘lishiga uning aholisi ham o‘z hissasini qo‘shgan. Avvallari orol marjon qoyalar bilan o‘ralgandi, ular to‘lqinlar va shamol ko‘tarilishiga jiddiy to‘siq bo‘la olardi. Ammo XX asr o‘rtalaridan marjon qoyalardan orol hududini kengaytirish uchun qurilish materiali sifatida faol foydalana boshlashgan. 2017 yildayoq Panama-Sitidagi Smitson tropik instituti tadqiqotchi olimi Gektor Gusman BBC bilan suhbatda 1960-yillardagi va 2003 yilgi aerofotosuratlar taqqoslanganida dramatik farq ko‘zga tashlanganini aytgandi — bu vaqt ichida orol marjon qoyalardan ham, orolni to‘lqinlardan himoyalovchi to‘siqdan ham mahrum bo‘lgandi. Omillardan qay biri — global isish yoki marjon qoyalar degradatsiyasi — yakunda orol yashash uchun yaroqsiz holatga kelishida hal qiluvchi bo‘lganini maxsus tadqiqot o‘tkazmasdan turib aytib bo‘lmaydi. Qolaversa, marjon qoyalar barqarorligi iqlim o‘zgarishi natijasida ham yomonlashgan.
Mavzuga oid
22:05 / 04.12.2024
Olimlar Arktikadagi dengiz muzlari qachon butunlay erib ketishini hisoblab chiqdi
23:46 / 02.12.2024
Keyingi 30 yil ichida millionlab insonlar «zamonaviy qullik» sharoitiga tushib qolishi mumkinligi aytildi
19:19 / 02.12.2024
Dunyoda unumsiz yer maydonlari Antraktida maydonidan oshib ketdi
22:39 / 30.11.2024