Iqtisodiyot | 18:25 / 05.06.2024
5601
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat budjeti defitsiti 29 trln so‘mdan oshdi

May oyida davlat budjeti daromadlari 22 trln 749 mlrd so‘mni, xarajatlari esa 26 trln 565 mlrd 200 mln so‘mni tashkil etdi. 

O‘zbekistonda yilning dastlabki 5 oyida davlat budjeti defitsiti 29 trln so‘mdan oshdi. Bu Iqtisodiyot va moliya vazirligi keltirgan raqamlardan ma’lum bo‘lmoqda. 

May oyida davlat budjeti daromadlari 22 trln 749 mlrd so‘mni, xarajatlari esa 26 trln 565 mlrd 200 mln so‘mni tashkil etdi. Farq manfiy tomonga 3 trln 816 mlrd 200 mln so‘mni tashkil qilgan. 

Xarajatlar tarkibida Davlat maqsadli jamg‘armalariga o‘tkazilgan transfertlar inobatga olingan. Daromad va xarajatlar orasidagi farq oy boshiga shakllangan qoldiq va aprel oyida muomalaga chiqarilgan davlat qimmatli qog‘ozlari hisobiga qoplangan. 

2024 yilning birinchi choragidagi defitsit 19,8 trln so‘mni, aprel oyida 5,7 trln so‘mni tashkil qilgan edi. Dastlabki 5 oy yakuniga ko‘ra defitsit 29,3 trln so‘mga yetdi. 

Shu bilan birga, 2024 yilda davlat budjeti daromadlari 270,4 trln so‘m, xarajatlari 280,7 trln so‘m, defitsit esa 10,3 trln so‘m bo‘lishi kutilayotgan edi. 

2023 yil yakuniga ko‘ra, davlat organlari, adliya, prokuratura va sudlar, shuningdek, NNT va mahallalarni moliyalashtirish xarajatlari 24,5 foizga oshib, 17 trln so‘mni tashkil etdi. 2024−2025 yillarda ham ularni saqlash xarajatlarini oshirish rejalashtirilgan. 

Mavzuga oid