O‘zbekiston | 18:59 / 05.06.2024
3708
4 daqiqa o‘qiladi

“Eron prezidentining vafoti O‘zbekiston bilan aloqalarga ta’sir qilmaydi” – Eron TIV vakili

Eron Islom Respublikasi prezidenti Ibrohim Raisiyning aviahalokat ortidan vafot etishi davlatning tashqi siyosatini deyarli o‘zgartirmaydi. Xususan, O‘zbekiston bilan aloqalarda yangi prezident kim bo‘lishidan qat’i nazar o‘zgarish kutilmayapti. Bu haqda Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili, elchi – Manuchehr Moradi aytib o‘tdi.

Manuchehr Moradi

Manuchehr Moradi 5 iyun kuni Toshkent mezbonligida o‘tgan ShHTning 19-yig‘ilishida qatnashish uchun O‘zbekistonga kelgan. Tadbirning asosiy qismidan so‘ng u Kun.uz jurnalisti bilan suhbatlashar ekan, ba’zi masalalar yuzasidan qarashlarini ma’lum qildi. Xususan, prezident Raisiyning vafoti Islom Respublikasining siyosatini qay darajada o‘zgartirishiga to‘xtalar ekan, uning fikricha, tashqi siyosatda jiddiy o‘zgarish kutilmayapti. Davlatlar bilan aloqalar va muloqot boricha qoladi. Elchi maqomiga ega Moradining ta’kidlashicha, mahrum prezident Raisiy davrida Tehron rasmiy Toshkent bilan siyosiy yaqinlikka erishgan edi.

Bundan tashqari, Manuchehr Moradi Eronning Chobahor portini boshqarish bo‘yicha Hindiston bilan kelishuviga ham to‘xtaldi. Shu kunlarda media xalqaro mega port darajasiga chiqa olish potensialiga ega Chobahorning jonlanishi haqida ko‘p yozmoqda. Moradi mavzuga munosabat bildirar ekan, obektni boshqarishda nafaqat Hindiston bilan, balki hamkorlik uchun boshqa davlatlar bilan ham muloqot davom etayotganini ma’lum qildi. Xususan, Markaziy Osiyo davlatlari bilan.

 Men aytib o‘tganimdek, Eron geostrategik jihatdan nihoyatda muhim davlat. Xaritaga qarasangiz, joylashuvining o‘zi buni isbotlaydi. Shimol-janub, g‘arb-sharq koridorlari Eronni bevosita kesib o‘tadi va mana shu yo‘nalishlarda Chobahor porti eng muhim nuqtalardan. Chobahor borasida biz nafaqat Hindiston bilan, balki Markaziy Osiyo davlatlari bilan ham ishlayapmiz. Port bo‘yicha hamkorlarimiz ko‘p. Biz ancha yillardan beri buni taklif qilib kelganmiz, masalan, Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham yuk aylanmasida Eron yordam qo‘lini cho‘zishi mumkin, deydi islom respublikasi Tashqi ishlar vazirligi vakili. Shuningdek, u Eronning ShHTdagi o‘rni xususida ham to‘xtalib, Tehron tashkilot imkoniyatlariga imkoniyat qo‘shishini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, 4-5 iyun kunlari Toshkent dastavval “ Markaziy Osiyo – Xitoy”, so‘ngra ShHTning 19-yig‘ilishiga mezbonlik qildi. Ikki tadbir ham davlatlarning tadqiqot institutlari, analitik markazlari, ekspert hamjamiyatlari vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, tadbirlarda 40 dan ortiq xalqaro va mahalliy ekspertlar taklif qilingan. Munozara va muhokamalarda ShHT oldidagi vazifalar, tahdidlar, xavf-xatarlar va asosiy rejalar ko‘rib chiqildi. Tadbirning asosiy qismi yopiq eshiklar ortida o‘tdi. Matbuotga ma’lum qilinishicha, Afg‘oniston, Markaziy Osiyo, koridorlar, savdo yo‘llarini qurish, dunyoda davom etayotgan urush va konfliktlar muhokamaning asosiy mavzulari qatorida bo‘lgan. Tadbirning yana bir muhim jihati shuki, unda qatnashgan ekspertlar fikricha, dunyoning ba’zi davlatlari Afg‘onistonni idora qilayotgan kuch – “Tolibon”ni tan olish ostonasida turibdi.

Mavzuga oid