O‘zbekiston | 10:29 / 07.06.2024
6125
2 daqiqa o‘qiladi

Manfaatlar to‘qnashuvi haqida xabar bermaganlik uchun jazo belgilandi

Prezident tomonidan imzolangan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun bilan Ma’muriy javogarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi modda qo‘shildi. Unda manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini bajarmaganlik uchun ma’muriy jazo choralari nazarda tutilgan.

Shavkat Mirziyoyev 5 iyun kuni “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi 193-4-modda qo‘shilmoqda.

Yangi modda manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini bajarmaslik uchun ma’muriy javobgarlikni nazarda tutadi.

Unda kedhltirilishicha, davlat organining yoki boshqa tashkilotning mansabdor shaxsi yoki xodimi tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi haqida xabar bermaslik bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Davlat organining yoki boshqa tashkilotning mansabdor shaxsiga ma’lum bo‘lib qolgan, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish yuzasidan choralar ko‘rmaslik esa bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha mikdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima jazosi qo‘llaniladi.

Agar mazkur huquqbuzarliklar davlat xaridlari sohasida sodir etilgan bo‘lsa, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mazkur qonun rasman e’lon qilingandan 6 oy o‘tgach kuchga kiradi.

Mavzuga oid