Shavkat Mirziyoyev: “Tinchlikka erishish uchun mustaqil va ozod Falastin davlati tashkil etilishi shart”
O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari Anqaradagi muzokaralar yakunida OAV uchun bayonot bilan chiqdi. Unda Shavkat Mirziyoyev G‘azoda kechayotgan fojialarga alohida to‘xtaldi.
Mirziyoyev G‘azo sektorida 8 oydan beri qonli urush davom etayotgani, natijada 40 mingga yaqin aholi, xususan ayollar va bolalar halok bo‘layotganini chuqur iztirob bilan qayd etib, yaqinlarini yo‘qotganlarga hamdardlik bildirdi.
O‘zbekiston prezidenti G‘arb davlatlarining fojiaga bo‘lgan munosabati O‘zbekiston va Turkiyani qattiq xavotirga solayotgani, amalda ikkiyoqlama standartlar kuzatilayotganini ta’kidladi.
“Demokratiya va inson huquqlarini keng targ‘ib qilgan va ularning himoyasida turgan yetakchi, rivojlangan davlatlar bu qotilliklarga, bu vahshiyliklarga ko‘z yummoqda. Albatta, zo‘ravonlikni to‘liq to‘xtatish va tinchlik jarayonini boshlash kerak. G‘azo fojiasi hanuzgacha hal qilinmagan Isroil–Falastin ziddiyatining ayanchli oqibatlaridir. Barqaror va uzoq muddatli tinchlikka erishish uchun, albatta, mustaqil va ozod Falastin davlati tashkil etilishi shart. Aslida Falastin muammosi butun Yaqin Sharq muammosidir”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident, O‘zbekiston ana shu o‘tkir muammo bo‘yicha Turkiya prezidenti bildirayotgan adolatli tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
“Biz muqaddas dinimizning asl insonparvarlik mohiyatini keng targ‘ib etish borasida olib borayotgan ishlarimiz bo‘yicha hamkorlikni davom ettiramiz. O‘zbekiston zaminida tug‘ilib, kamol topgan, musulmon olamida yuksak e’tirof etilgan mutafakkirlar – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abduxoliq G‘ijduvoniy va Bahovuddin Naqshband kabi ulug‘ zotlarning bebaho ma’naviy-madaniy merosiga qardosh turk xalqining diqqat va e’tibori tobora ortib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladik. Hurmatli Erdogan janobi oliylarining Islom diniga qarshi har qanday salbiy harakatlarga nisbatan qat’iy pozitsiyasi ham alohida ehtirom va e’tirofga loyiqdir. Biz hozir murakkab vaziyatda dinimizga qarshi yovuz kuchlarning turli xuruj va bosimlariga birgalikda javob qaytarishga kelishib oldik”, – deya ta’kidladi Mirziyoyev.
Mavzuga oid
16:40 / 20.12.2024
G‘azoda harbiy bazalar qurilmoqda. Isroil mustahkam o‘rnashib olmoqchi
18:43 / 30.11.2024
“Sinvar reanimatsiyada naycha bilan nafas olardi” - BMTda amerikalik shifokor G‘azoda ko‘rgan dahshatli manzaralari haqida ko‘zda yosh bilan gapirdi
09:46 / 12.11.2024
ADL va IHT Isroilni G‘azodan chiqib ketishga chaqirdi
19:17 / 11.11.2024