Jamiyat | 19:21 / 10.06.2024
5021
6 daqiqa o‘qiladi

"Agro Invitro": Jizzaxda qishloq xo‘jaligi sohasida innovatsion loyiha ishga tushirildi

Jizzax viloyatida yangi "Agro Invitro" kompleksi ochildi. Bu loyiha Agrobank hamkorligida qishloq xo‘jaligi sohasida yuqori hosildorlikka ega, eksportbop meva ko‘chatlari yetishtirishni maqsad qilgan.

Qishloq xo‘jaligida yangi yo‘nalish

7 iyun kuni G‘allaorol tumanidagi “Agro Invitro” kompleksida bo‘lib o‘tgan taqdimotda OAV vakillari, mahalliy va xalqaro miqyosdagi mutaxassislar, dehqon va fermerlar, jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida joylashgan mazkur laboratoriya kompleksi 20,4 gektar maydonni egallagan va u yiliga 10 million dona ko‘chat yetishtirish quvvatiga ega.

Agrobank tomonidan moliyalashtirilayotgan mazkur loyihaning umumiy qiymati 20 million AQSh dollari bo‘lib, unda zamonaviy seleksiya va genetika texnologiyalaridan foydalanilgan.

Laboratoriya kompleksi Yevropaning yetakchi texnologiyalari asosida qurilgan bo‘lib, bu jarayonda Niderlandiyaning "Viscon Group" kompaniyasi bilan hamkorlik qilingan.

Energotejamkor va zamonaviy 5-avlod issiqxonasi

"Agro Invitro" loyihasi respublikada ko‘chat yetishtirishga yangicha yondashuvni joriy qiladi. Maxsus laboratoriyada ko‘chatlar tashqi muhitdan himoyalangan, virus va kasalliklardan tozalangan sharoitda yetishtiriladi. Shuningdek, loyiha doirasida avtomatlashtirilgan sun’iy mikroiqlim muhitini yaratuvchi oynavand issiqxonalar qurildi. Bu issiqxonalar 50%gacha energiya tejalishini ta’minlaydi.

“Davlat rahbarining qishloq xo‘jaligida hosildorlik samaradorligini oshirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan qaror-farmonlari imzolandi.

Buni amalga oshirishda Agrobank tomonidan qishloq xo‘jaligida innovatsiyalarga asoslangan qishloq xo‘jaligida ekotizimni yaratishga qaratilgan loyiha taqdim etildi.

"Agro Invitro" loyihasi yurtimizdagi tadbirkor, dehqon va fermerlarimizga yuqori hosildorlikni kafolatlaydigan, sertifikatlangan, virusdan xoli va yuqori sovuq haroratga chidamli ko‘chatlarni yetkazib beradigan kompleks hisoblanadi.

Bu unikal loyiha O‘zbekistonda emas, butun MDH davlatlarida yagona sanaladi. Loyiha asosida 40 turdagi 6000 dan ziyod ko‘chatlar Italiya va Ispaniyadan keltirildi. Endilikda ulardan dehqonlarimizga yuqori hosildorlikka ega ko‘chatlar yetkazib beriladi.

Majmuadagi 2 gektar maydonda Niderlandiya bilan hamkorlikda 5-avlod issiqxonasi barpo etilgan. "Agro Invitro" kompleksida ayni paytda 50 ish o‘rni yaratilgan”, deydi “Agrobank” ATB Boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari v.b Erkin Qaxorov.

Loyihani ishga tushirish davomida xorijiy malakali mutaxassislar jalb qilingan. Kompleksdagi xorijiy texnologiyalarga asoslangan laboratoriyada ko‘chatchilikning innovatsion usullarini yaqindan o‘rganish maqsadida 10 dan ortiq mahalliy mutaxassislar xorijda tajriba oshirib kelishgan.

Eksport uchun yangi qadamlar

 Majmuada yangi uzum navlari ustida alohida ish olib borish ko‘zda tutilgan bo‘lib, Italiya va Ispaniyadan keltirilgan uzum ko‘chatlari kafolatlangan holda yetkazib beriladi.

“Zararli hasharotlar kirishining oldini olish maqsadida O‘zbekistonga uzum ko‘chati importi taqiqlangan. Bu yerda eng xaridorgir va noyob uzum navlari ko‘chatlarini tayyorlash va sotish yo‘lga qo‘yiladi. Dunyoning seleksiya rivojlangan davlatlaridan yangi uzum navlarini olib kelib, ko‘paytirib dehqonlarimizga yetkazib beramiz.

Uzumning tezpishar, erta hosilga kiradigan navlari ayni paytda biz uchun birinchi o‘rinda yetkazib beriladigan ko‘chatlar bo‘lib turibdi”, deydi "Agro Invitro" loyihasi eksperti Zafar Ahmedov.

MDH davlatlari orasida birinchi bo‘lib O‘zbekistonda yo‘lga qo‘yilgan “Agro Invitro” loyihasi qo‘shni mamlakatlarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. Taqdimotda ishtirok etgan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistondan kelgan soha mutaxassislari hamkorlik masalalarida o‘z takliflarini berishdi.

Niderlandiyadan tashrif buyurgan issiqxona va ochiq irrigatsiya tizimi bo‘yicha mutaxassis Ilya Krasnoshchyokov kompleksning to‘liq avtomatlashtirilganiga e’tibor qaratdi:

“Agro Invitro innovatsion texnologiyalar loyihasi Markaziy Osiyo va MDH hududida unikal loyiha bo‘lib, Yevropa mutaxassislarining tajribasini o‘zida mujassam etgan. Loyihada turli uchastkalarda mikroiqlim nazoratini ta’minlash, uni to‘liq avtomatlashtirish, sanitariya me’yorlari, sug‘orish suvini filtrlash va dezinfeksiya qilish, moslashish zonalari va suvni zararsizlantirish bo‘yicha eng ilg‘or texnologiyalarni birlashtirgan.

Majmua yiliga 10 million tupgacha uzum va mevali daraxt ko‘chatlarini yetishtirish imkonini beradi. Ushbu natijaga erishish uchun qishda qattiq mikroiqlim nazorati (+28° C) va yozda zarur sovitish ta’minlanadi”, dedi u.

"Agro Invitro" loyihasi O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi sektorida innovatsiya va ilmiy yondashuvlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi va bu O‘zbekistonni mintaqada agrar texnologiyalar bo‘yicha yetakchiga aylantirishga yordam beradi.

Mavzuga oid