O‘zbekiston | 14:55 / 11.06.2024
5355
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning qator hududlarida chigirtkalarga qarshi kimyoviy kurash olib borilyapti

O‘zbekiston hududida saksovul bukur chigirtkasi tarqalgan. Bu turdagi hasharot saksovul bilan oziqlanadi, ekinlar va yaylovlarga xavf tug‘dirmaydi. Shu jihatdan kimyoviy kurash tadbirlari saksovul plantatsiyalarini himoya qilishga qaratilgan.

Qoraqalpog‘iston, Navoiy, Buxoro va Samarqand viloyatlarida chigirtkalar to‘dasiga qarshi kimyoviy kurash olib borilyapti. Bu haqda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, saksovul bukur chigirtkasi saksovul bilan oziqlanadi, ekinlar va yaylovlarga xavf tug‘dirmaydi. Shu jihatdan kimyoviy kurash tadbirlari saksovul plantatsiyalarini himoya qilishga qaratilgan.

Alohida e’tibor transchegaraviy hududlarga qaratilib, qo‘shni davlatlardan zararli hasharot kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida ma’lumotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.

«Chigirtkaga qarshi kurash tadbirlarini zararli chigirtka 3−4 yoshida bo‘lganida o‘tkazish maqsadga muvofiq. Bu zararkunanda qanot chiqargunigacha bo‘lgan faza hisoblanadi. Sababi chigirtka qanot chiqarganidan so‘ng bir kunda kamida 50−60 kilometr masofani bosib o‘tishi va yo‘lida uchragan barcha yashillikni yeb bitirishi mumkin», deyiladi xabarda.

Avvalroq, Buxoro viloyatida chigirtkalar hujumi yuz bergani xabar qilingandi. Xususan, tarmoqlarda Romitan tumanidan o‘tuvchi A-380 Buxoro—Xorazm avtomobil yo‘lining Gazli shaharchasiga yaqin qismida chigirtkalar hujum qilgani aks etgan videolar tarqalgandi.

Shuningdek, Qozog‘istonning qator hududlarida ham chigirtkalar hujumi kuzatilgan. Mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari Serik Jumangarin bu hujumni «misli ko‘rilmagan holat» deya baholadi.

Qozog‘iston hukumatining ma’lum qilishicha, Turkiston viloyatida jami 310 ming gektar maydonda chigirtkalar tarqalganligi aniqlangan. Aqto‘be viloyatning 12 tumanida 281 ming gektar yerga ishlov berilgan. Qo‘stanay viloyatining 5 tumanida 29,4 ming gektar maydonda kimyoviy tozalash ishlari olib borilgan.

Mavzuga oid