O‘zbekiston | 16:33 / 12.06.2024
9703
4 daqiqa o‘qiladi

“GASN” rahbari – inspeksiyaning korrupsiyaga qarshi kurashish reytingida qoniqarsiz o‘rindaligi haqida

Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi – korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyati eng qoniqarsiz uchta idoradan biri. Inspeksiya boshlig‘i Kozim To‘laganov uning rahbarligidagi idoraga nima sababdan bunday salbiy reyting berilgani haqidagi savolga javob ololmaganini aytdi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi (xalq tilida “GASN”) korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023 yilning eng qoniqarsiz davlat idoralaridan biri bo‘ldi. Inspeksiya reytingda 46 ball bilan 3-o‘rinni egalladi.

Kun.uz muxbiri 11 iyun kuni inspeksiya boshlig‘i Kozim To‘laganov boshchiligida o‘tgan matbuot anjumanida buning sabablari haqida so‘radi. To‘laganovning aytishicha, inspeksiyadagilar nega bunday salbiy natija qayd etilganidan bexabar.

“Bu savolga men hali javob topa olganim yo‘q. Sizlarga aytishim mumkin, mana shu yerda ishlayotganimga ham 6-7 yil bo‘lib qoldi, qurilish sohasidagi nazorat tizimi shakllantirilgan, har bir inspektorda o‘zining vazifasi aniq belgilangan. Shu shaffof tizim orqali har kim qayerda, nima qilayotgani bo‘yicha menga axborot berishadi: “350 ga yaqin inspektor bugun 700 ta obektda bo‘ldi, shuncha “predpisaniye” berdi” – bu yerda hammasining nazorati turibdi. Lekin biz qanday qilib [reytingning] o‘sha qismiga chiqib qoldik degan savolga men o‘zim javob ololganim yo‘q”,– dedi To‘laganov.

Anjumanda ishtirok etgan O‘zbekiston quruvchilar assotsiatsiyasi raisi Mansurjon Niyozmuhammedov sohani raqamlashtirish darajasi haqida ma’lumot berdi.

“Hammasi “Shaffof qurilish” platformasida raqamlashtirilgan. Shunda ham bu yerda hammasini xodim bajaradi. Misol uchun, siz davlat organiga [qurilishga] ruxsat olish uchun murojaat qildingiz, [bunda] tadbirkor bilan korrupsion holat bo‘lmasligi uchun men ularni ko‘rmayman, ular ham meni ko‘rmaydi. Hujjatlar kiritilganidan keyin yagona darcha tegishli idoralarga yuboradi, masalan, arxitekturaga, “GASN”ga va yana boshqa-boshqa idoralarga. Ulardan javob keladi: “bo‘ladi” yoki “bu yerda kamchiligi bor” [deydi]. Men ular bilan aloqa qilmayman. Mana shu jihatdan raqamlashtirilgan. Lekin baribir uni inson ko‘radi, ya’ni normaga muvofiqligi, normuvofiqligi bo‘yicha baribir mutaxassis ko‘radi”, – dedi Quruvchilar assotsiatsiyasi raisi.

Qurilish vazirligining yana bir vakili, Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sherzod Sodiqovga ko‘ra, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi reytingni tuzish metodikasini taqdim etmagan.

“Masalan, so‘rov o‘tkazish auditoriyasi bor. Ekspertlardan so‘raganmi, aholidan so‘raganmi – o‘sha metodikasini taqdim qilmagan. Ya’ni bu narsani qaysi usul bilan baholagan? Masalan, Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasining oxirgi statistikasini ko‘rsangiz, hamma inspektorlarda planshet bor. 350 ta inspektor o‘zining faoliyati [haqidagi ma’lumotlar]ni har kuni platformaga joylashtirib boradi. Bu, menimcha, raqamlashtirishga kiradi. Oldin bunaqa tizim bo‘lmagan”, – dedi u.

Mavzuga oid