O‘zbekiston | 09:09 / 13.06.2024
22354
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda to‘y kortejida mashinalar yo‘l talashib bir-biriga urildi

Kuyov to‘y sayli boshlanishidan oldin kim u o‘tirgan mashina orqasidan birinchi bo‘lib yetib borsa, o‘sha haydovchiga 200 dollar berishini va’da qilgan.

Foto: IIV matbuot xizmati

Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanida o‘tkazilgan to‘y marosimida haydovchilar yo‘l talashib, atay holatda bir nechta mashinalarni to‘qnashtirgani aks etgan videolavha tarqaldi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV matbuot xizmati holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 12 iyun kuni Kegeyli tumanida yashovchi, 2002 yilda tug‘ilgan A.N.ning nikoh to‘yi o‘tkazilgan. Kuyov Nukus shahrida joylashgan “Karavan saray” to‘yxonasidan Mercedes mashinasida to‘y sayliga chiqqan. To‘y kortejida jami 9 ta mashina Nukus shahridan Kegeyli tumaniga qarab harakatlangan.

Fuqaro A.N. to‘y sayli boshlanishidan oldin kim u o‘tirgan mashina orqasidan birinchi bo‘lib yetib borsa, o‘sha haydovchiga 200 AQSh dollar berishini va’da qilgan. To‘y saylida qatnashgan mashinalar haydovchilari kortej Kegeyli tumaniga yetib kelgach, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, tumanning Nurli quyosh ko‘chasida kuyov o‘tirgan Mercedes ortidan yo‘l talashib, bir-biri bilan to‘qnashgan.

Holat bo‘yicha olib borilgan surishtiruv ishlari davomida tan jarohati olgan fuqarolar aniqlanmagan. To‘y saylida ishtirok etgan 9 ta mashina jarima maydoniga qo‘yilib, haydovchilarga ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. 

Qayd etilishicha, hozirda haydovchilarga nisbatan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bo‘yicha ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.

 

Mavzuga oid