O‘zbekiston | 07:20 / 14.06.2024
4682
3 daqiqa o‘qiladi

Majlislarda uzrli sabablarsiz qatnashmagan deputatlar vakolati muddatidan ilgari tugatilishi mumkin

Deputat majlislarda uzrli sabablarsiz ishtirok etmagan taqdirda, har bir ishtirok etilmagan holat bo‘yicha bir kunlik ish haqi uning roziligisiz ushlab qolinadi.

Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari qonunchilik tashabbusi asosida deputatlar maqomi to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasini kiritdi.

Qonun loyihasida deputatlarning haq to‘lanadigan tegishli turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risida ogohlantirish olganidan keyin haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat (ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari) bilan shug‘ullangan taqdirda ularning vakolatlari muddatidan ilgari tugatilishi mumkinligi nazarda tutilgan.

Bundan tashqari deputatning tegishli palata, siyosiy partiya fraksiyasi, o‘zi tarkibiga saylangan qo‘mita, komissiya faoliyatida bir kalendar yil davomida o‘ttiz yoki undan ortiq ish kuni uzrli sabablarsiz ishtirok etmagan taqdirda, shuningdek chet davlatning doimiy yashash guvohnomasini yoki chet davlat hududida doimiy yashash huquqini tasdiqlovchi boshqa hujjatni olgan taqdirda ham ularning vakolatlari muddatidan ilgari tugatilishi mumkin. Bu qoidalar Senatda doimiy asosda ishlaydigan senatorlarga ham tegishlidir.

Qonun loyihasida deputatning, senatorning odob-axloq qoidalari buzilganligi uchun ularga nisbatan qo‘llanishi mumkin bo‘lgan ta’sir choralari ham yanada aniqlashtirilgan.

Unga ko‘ra:

– deputatning, senatorning odob-axloq qoidalarini buzishga yo‘l qo‘yilmasligi ko‘rsatib o‘tilgan holda deputatga, senatorga ogohlantirish berish;
– deputatdan, senatordan tegishincha Qonunchilik palatasi, Senat, shuningdek o‘zi tarkibiga saylangan qo‘mita, komissiya majlislarida uzr so‘rashni talab qilish;
– deputatning, senatorning odob-axloq qoidalari buzilishiga deputat, senator tomonidan yo‘l qo‘yilganligi faktini palata majlisida o‘qib eshittirish;
– deputat, Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorning ish haqidan ushlab qolish ko‘zda tutilmoqda.

Qonun loyihasida xalq vakillarining tegishli palata, siyosiy partiya fraksiyasi, shuningdek o‘zi tarkibiga saylangan qo‘mita, komissiya majlislarida uzrli sabablarsiz ishtirok etmagan taqdirda, har bir ishtirok etilmagan holat bo‘yicha bir kunlik ish haqi uning roziligisiz ushlab qolinishi ham ko‘zda tutilmoqda.

Qonun loyihasi yalpi majlisda ko‘rib chiqildi va qabul qilindi.

Mavzuga oid