O‘zbekiston | 10:20 / 14.06.2024
2086
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Ispaniyaning xususiy yuk tashuvchi aviakompaniyalari o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi

O‘zbekistonning xususiy My Freighter aviakompaniyasi va Ispaniyaning Air Europa aviakompaniyasi o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi.

"Dunyo" xabariga ko‘ra, mazkur bitim kompaniyaga sakkizta yangi yo‘nalishda, jumladan Panama Siti, Kankun, Dominikan Respublikasi, Punta-Kana, Kolumbiya, Mayami, Nyu-York va San-Pauluga kirish imkonini beradi.

"Air Europa bilan hamkorlik biz uchun Shimoliy va Janubiy Amerikaga eshiklarni ochdi. Bunday hamkor bilan biz ilgari yopiq bo‘lgan okeanlarni kesib o‘tib, yangi ufqlarni ochamiz. Biz havo transportida yuk tashish bozorida yetakchilardan bo‘lishga manfaatdormiz hamda ushbu manfaatli hamkorlik orqali bu maqsadga yanada tezroq erishamiz", dedi My Freighter kompaniyasi raisi Abdulaziz Abdurahmonov.

Air Europa Cargo bosh direktori Jordi Pike ham erishilgan kelishuvdan mamnun ekanligini ta’kidladi. "Madrid-Baraxas markazidagi strategik joylashuvimiz tufayli biz Osiyodan Amerikaga havo transportida yuk tashish xizmati geografiyasini kengaytirishimiz mumkin", dedi u.

Air Europa Cargo va My Freighter kompaniyalari o‘rtasida tuzilgan bitim Yevropa va Markaziy Osiyoda logistika tizimlarini integratsiyalashuvi yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib, buning natijasida yaqin yillarda ikki mintaqa o‘rtasida tashiladigan yuklar hajmi sezilarli darajada oshishi kutilmoqda.

Mavzuga oid