Sport | 23:54 / 14.06.2024
5336
9 daqiqa o‘qiladi

Yevro-2024’da porlashi kutilayotgan 10 futbolchi

Yirik xalqaro turnirlar doimo yangi yulduzlarni taqdim etadi. Yevro-2024 ham istisno bo‘lishi dargumon. Quyida Germaniyadagi turnirda o‘zini ko‘rsatishi kutilayotgan 10 futbolchi haqida.

Florian Virs (Germaniya milliy jamoasi, 21 yosh)

Foto: ALEX GRIMM/GETTY IMAGES

Virs — chempion «Bayyer» yetakchilaridan biri bo‘ldi. Ammo Germaniya milliy jamoasida Florian hozircha porlagani yo‘q. U 2022 yilgi jahon chempionatini xochsimon paylaridagi jarohat tufayli o‘tkazib yuborgandi. Germaniya mezbon bo‘lgani uchun Yevro-2024 saralashidan ozod etilgandi va faqat o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushdi. Virs milliy jamoada hali biror marta butun 90 daqiqa davomida maydonda bo‘lmagan. U 13 o‘yinda jami 3 (1+2) samarali harakat ijro etgan. Yevropa chempionatida Florian Germaniyaning asosiy tarkibidan o‘rin olishi aniq. Bu uning uchun jamoaga uydagi turnirda g‘alaba qozonishga yordam berish va Yevropa futboli superyulduzi maqomini uzil-kesil mustahkamlash uchun ajoyib imkoniyat.

Janluka Skamakka (Italiya milliy jamoasi, 25 yosh)

Foto: FRANCESCO PECORARO/GETTY IMAGES

2023/2024 yillar mavsumi — Skamakkaning faoliyatidagi eng yaxshisi bo‘ldi. U «Atalanta» safidagi 44 uchrashuvda 19 gol urdi va sakkizta assistni o‘z hisobiga yozib qo‘ydi. Janluka bergamoliklar bilan birga klub tarixidagi ilk yevrokubok - Yevropa Ligasi sovrinini qo‘lga kiritdi, Chempionlar ligasiga yo‘llanma oldi va Italiya Kubogi finaligacha yetib bordi. Ushbu forvard Italiya milliy jamoasi safida 2021 yildayoq debyut qilgandi, ammo hozirga qadar chinakamiga ochilib keta olmadi. Yevro-2024 turnirida Skamakka italiyaliklarning asosiy forvardi bo‘ladi. U bu safargi turnirda Yevropa chempionligini himoya qilishi va katta o‘yinchiga aylanishi kerak bo‘ladi. Buning uchun Janlukada barcha kerakli xususiyatlar mavjud.

Arda Guler (Turkiya milliy jamoasi, 19 yosh)

Foto: ROBBIE JAY BARRATT/GETTY IMAGES

Guler — yangi avlodning iste’dodli vakillaridan biri. 19 yoshli futbolchi 2023 yil yozida Madridning «Real» klubi a’zosiga aylangandi. Ammo hozircha Ardaning Ispaniyadagi faoliyati bir tekisda kechmayapti: bunga jamoadagi katta raqobat hamda jarohatlar ta’sir ko‘rsatdi. Karlo Anchelotti mavsum oxirida, chempionlik masalasi hal bo‘lganidan keyingina Gulerga imkon berdi — va turkiyalik yarimhimoyachi uyaltirmadi. Primeradagi so‘nggi besh o‘yinda Arda beshta gol urdi. Yevro-2024 da Gulerda o‘zini ko‘rsatish uchun imkoniyat ko‘proq bo‘ladi. Turkiyada bu safar u bilan 2008 yildan buyon ilk bor pley-offga chiqishi mumkin.

Vitinya (Portugaliya milliy jamoasi, 24 yosh)

Foto: CARLOS RODRIGUES/GETTY IMAGES

«PSJ»ning sahna ortidagi qahramonlaridan biri. Vitinya haqida ko‘p gapirilmaydi, ammo aynan u — parijliklarning eng yaxshi yarimhimoyachisi. 24 yoshli futbolchi serqirra ekanini namoyish etdi: u maydonda katta hajmdagi ishni bajaradi, to‘pni oldinga harakatlantiradi, ajoyib pas bera oladi, pressingda faol va yaxshi zarbaga ega. Umuman olganda, bunday futbolchi doimo foydali. Portugaliya milliy jamoasida hujum chizig‘ida yulduzlar yetarlicha. Hujum va himoyani bog‘lovchi futbolchilar esa — u qadar ko‘p emas. Shuning uchun, agar portugallar Yevroda muvaffaqiyatga erishsa, bunda Vitinya kabi «mehnatkashlar»ning ulushi katta bo‘ladi. O‘shandan keyin uning mehnatlari munosib baholanishi mumkin.

Niko Uilyams (Ispaniya milliy jamoasi, 21 yosh)

Foto: FRAN SANTIAGO/GETTY IMAGES

«Atletik» Bilbao klubining yosh yulduzi va Ispaniyaning Yevro-2024 turniridagi umidlaridan biri. Niko allaqachon o‘z akasi Inyakidan o‘zib ketgan. Aka Gana milliy jamoasi uchun o‘ynashni tanlagan. Niko esa Ispaniya sharafini himoya qilmoqda — va jamoani Yevro oltin medallari tomon boshlab borishga tayyor. Kichik Uilyams 2022 yilgi jahon chempionatida ham qatnashgandi. O‘shanda ispanlar muvaffaqiyatsizlikka uchragandi. Ammo endi Yevropa chempionatida barchasini tuzatish uchun qo‘shimcha motivatsiya bor.

Niko turnirda porlashi va top-klubga o‘tishi haqidagi shov-shuvlarni alangalatishi mumkin. Masalan, «Barselona» rahbarlari anchadan buyon Uilyamsni jamoada ko‘rishni orzu qilib keladi. Ehtimol, Yevrodagi ishtiroki kataloniyaliklar bosslarini haqiqiy harakatlarga o‘tish va Nikoni sotib olishga undashi mumkin.

Jorj Mikautadze (Gurjiston milliy jamoasi, 23 yosh)

Foto: LEVAN VERDZEULI/GETTY IMAGES

2023/2024 yillar mavsumining birinchi yarmi vinger uchun muvaffaqiyatsiz kechdi. 2023 yil yozida Mikautadze 16 mln yevro evaziga «Mets»dan «Ayaks»ga o‘tgandi. Ammo Niderlandiyada Jorjning ishlari yurishmadi: yarim yilda atigi sakkiz o‘yin va birorta golli harakat yo‘q. Qishda esa u ijara asosida «Mets» safiga qaytdi. Va yana o‘z o‘yinini topib oldi. Mikautadze 20 o‘yinda 13 gol urdi va to‘rt golga uzatma berdi. Ammo bu «Mets»ni quyi ligaga tushib ketishdan qutqarib qololmadi. Ammo klub baribir Mikautadzeni «Ayaks»dan 13 mln yevro evaziga qayta sotib oldi.

Yevro-2024 turnirida Jorj Gurjiston jamoasi safida yorqin o‘yin ko‘rsatishi mumkin. Bu holda «Mets»ning investitsiyasi o‘zini oqlaydi. Mikautadzening darajasi Fransiyaning ikkinchi divizionidan yuqori va unga yaxshiroq chempionatdan xaridor kelishi mumkin. Ammo buning uchun futbolchi butun Yevropa klublari qarshisida o‘zini ko‘rsatishi kerak bo‘ladi.

Joan Bakayoko (Belgiya milliy jamoasi, 21 yosh)

Foto: DEAN MOUHTAROPOULOS/GETTY IMAGES

PSV Niderlandiya chempionatida muddatidan oldin chempionlikka erishdi. Eyndhovenliklar jamoasi yetakchilaridan biri Joan Bakayoko bo‘ldi. 21 yoshli vinger 33 turda 12 gol urib, to‘qqiz assist muallifiga aylandi. Uning transfer qiymati esa 10 mln yevrodan 45 mln yevrogacha o‘sdi. Bakayokoga «Chelsi», «Manchester Siti», «Liverpul», «PSJ» va «Borussiya» Dortmund kabi klublar qiziqish bildirmoqda. Agar u Yevro-2024da o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsata olsa, uni yangi mavsumda top-klublardan birida ko‘rishimiz aniq. Domeniko Tedesko boshqaruvidagi Belgiya hal qiluvchi bosqichga yetib borishi, Bakayoko — turnirning eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘lishi mumkin.

Yussuf Fofana (Fransiya milliy jamoasi, 25 yosh)

Foto: JONATHAN MOSCROP/GETTY IMAGES

Fransiya milliy jamoasi hujum chizig‘i — dunyodagi eng yaxshilaridan biri. Jamoa yarimhimoya chizig‘i ham kuchli, ammo u qadar yulduzli emas. Yussuf Fofana — klassik markaziy yarimhimoyachi, ammo hozircha uning atrofida mish-mishlar deyarli yo‘q. Holbuki u «Monako» Fransiya chempionatini ikkinchi o‘rinda yakunlashiga sababchilardan biri bo‘ldi. Yevro-2024da Yussuf maydonga tushish va o‘zini ko‘rsatish imkoniyatiga ega va shundan keyin grandlar unga ham qiziqa boshlashi mumkin.

Sebastyan Shimanski (Polsha milliy jamoasi, 25 yosh)

Foto: NICK POTs/GETTY IMAGES

Shimanski muqaddam Moskvaning «Dinamo» klubida to‘p surgan. 2022 yilda «Feyyenoord»ga ijaraga berilgan, 2023 yilda esa uni «Fenerbahche» sotib oldi. Turkiyada Sebastyan Fred, Dushan Tadich va Edin Jyeko kabi yulduzlar fonida yo‘qolib qolmadi va jamoa yetakchilaridan biriga aylandi. 37 o‘yinda Shimanski 10 gol urib, 12 assist muallifi bo‘ldi. «Fenerbahche» chempion bo‘lolmadi, lekin polyak yarimhimoyachisi faoliyatidagi eng yaxshi mavsumini o‘tkazdi. Endi u Yevroda porlab, top-ligaga yo‘l olishi mumkin.

Straxinya Pavlovich (Serbiya milliy jamoasi, 23 yosh)

Foto​​​​​​: FRANCOIS NEL/GETTY IMAGES

Serbiya milliy jamoasi muntazam ravishda yirik turnirlarda muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Ammo Yevro-2024 turniriga jamoa ajoyib tarkibda yo‘l olgan. Serbiyadagi kashfiyotlardan biri Straxinya Pavlovich bo‘lishi mumkin. 23 yoshli himoyachi Avstriyaning «Red Bull Zalsburg» safida yuqori sport formasini namoyish etdi. Yevropaning katta klublari Pavlovichga qiziqish bildira boshlagan. Unda yuqori toifali himoyachi darajasiga chiqish uchun salohiyat mavjud. Va Serbiyaga hech bo‘lmaganda Yevro chorakfinaliga chiqishda yordam berish uchun imkoniyat.

Mavzuga oid