Sport | 16:06 / 16.06.2024
15657
15 daqiqa o‘qiladi

«Futbol muhimroq». Yevropa chempionati klublar futbolidan afzalroqligi haqida

Michaela Stache / Reuters / Scanpix / LETA

So‘nggi yillarda go‘yoki klublar futboli ancha ilgarilab ketgandek tuyuladi. Eng yaxshi murabbiylar o‘sha yerda, taktik yangiliklar klublarda kuzatiladi. Futbolchilar ham avvalgidek, jahon chempionati yoki Yevropa chempionatlarda emas, klublarda kuzatiladi – biz milliy jamoaga jalb qilingan afrikalik futbolchini ham ancha oldin tanib bo‘lamiz. Eng katta pullar klublar futbolida aylanadi, bu ham yangilik emas. Avvallari, milliy chempionatlar ko‘p ham namoyish qilinmas, shuning uchun ham milliy jamoalar o‘rtasidagi musobaqalar katta bayramga aylanib ketardi. Hozir har haftada futbol. Ushbu o‘yin afsungarlarini ko‘rish uchun ikki yil kutishga muhtoj emasmiz ham. Aksincha, kuzda milliy jamoalar yig‘inlari go‘yoki futbolni vaqtinchaga tanaffusga chiqarib yuborgandek tuyuladi.

Xo‘sh, unda nega, klublar futboli barcha kuzirlarga ega bo‘lib turib ham, biz jahon yoki Yevropa chempionatini o‘zgacha shukuh bilan kutib olamiz? Nega bir onda, ochilish o‘yinida madhiyalar yangrashi bilan hamma argumentlar unutiladi-da, «mana shu biz bilgan va sevgan futbol» deb yuboramiz? Keling, hatto bugunga shartlarda ham milliy jamoalar futbolining takrorlanmas jozibasi saqlanib qolgani va buning sabablari haqida so‘z yuritamiz.

Hammasi faqat bir oy davom etadi

Bu juda ahamiyatli. Biz milliy chempionatlarni qanchalik kuzatib, haftadan haftaga sevimli klubimiz o‘yinini kutsak-da, turnirning bir yilga cho‘zilishi diqqatimizni jalb qilishga xalaqit beradi. Bir yil davomida hammasi o‘zgarishi, jamoalarda pasayish, ko‘tarilish, jarohatlar kuzatilishi mumkin. Kecha Germaniyaning birgina o‘yinini ko‘rib, bu jamoaning ancha salohiyatli ekanini tan oldik va nemislar turnir favoritlari safida jiddiy o‘ringa ekani haqida mulohazalar ko‘paydi. Bir o‘yinda juda kuchli o‘yin ko‘rsatgan bir jamoaning mavsum davomida o‘sha saviyada bo‘lishiga ishonish qiyin, tashqi ta’sirlar ham yetarlicha bo‘ladi. Yevropa chempionatida esa, katta ehtimol mana shu biz kecha ko‘rgan jamoa turnir davomida kuchayib borishi mumkinki, lekin pasaymaydi.

Umuman, musobaqa endigina boshlanib, atigi bir oy o‘tar o‘tmas, finalni tomosha qilishimizning o‘zi boshqacha hissiyotlar taqdim etadi. Masalan, Chempionlar ligasida ham finalga yaqin o‘yinlar ahamiyati oshib, hayajon kuchayishi bor, ammo pley-off oxirlagan sari ishtirokchi jamoalar kamayib borishi, finalga bir oy vaqt qolgan muddatda atigi to‘rt da’vogar qolishini unutmaylik. Yevroda esa, finalga bir oy qolganda 24 jamoa bor, barcha favoritlar hali o‘z sahifalarini ochgani ham yo‘q. Finaldan atigi 4-5 kun oldin to‘rt jamoada chempion bo‘lish imkoniyati saqlanib qoladi.

Bundan tashqari, Yevropa chempionatini chalg‘imasdan, to‘liq sho‘ng‘igan holda kuzatish mumkin. Yil davomida inson turli davrlarni boshdan kechiradi, ishda, oilada turli yumushlari chiqadi, kasallanadi va hokazo. Har qanday klublar futbolini muayyan bir chog‘lama bilan tomosha qilish imkonsiz. Yevropa yoki jahon chempionati uchun esa, misol uchun, mehnat ta’tili olish va barcha o‘yinlarni tomosha qilishga niyat qilish yoki do‘stlar davrasida qandaydir tadbir bilan musobaqaning muhim qismlarini birga ko‘rish mumkin. Turnir o‘tayotgan shaharlarga tashrif buyurib, unutilmas davrni o‘tkazish esa, umuman boshqa daraja. Bunday imkoniyatlar klublar futbolida yo‘q.

Shuning uchun ham odatda futbolga uncha qiziqmaydigan yoki jiddiy ta’qib qilmaydigan insonlarning ham aynan JCh va Yevrolarda vaqtincha muxlisga aylanishini ko‘ramiz. «Faqat jahon chempionati finallarini ko‘raman» deb maqtanadigan tanishlar hammamizda bor.

Futbolchilarning sport formasi

Har qanday futbolchining turli davrlari bo‘ladi. Doim ham biz kutgan darajada o‘ynolmasligi mumkin, faoliyati davomida pasayishlar, muvaffaqiyatsiz o‘yinlar yetarlicha topiladi. Biz har qanday futbolchiga baho berar ekanmiz, hammasiga umumiy qaraymiz, yaxshi o‘yinlarini eslab, nimalarga qodir ekaniga baho beramiz.

Jahon va qit’a chempionatlari futbolchilarning eng yaxshi davrini kuzatish uchun ayni muddao. Chunki musobaqa uchun tanlab olinadigan futbolchilar soni cheklangan. Tabiiyki, murabbiylar ayni damda eng yaxshi holatda bo‘lgan futbolchilarni saralab oladi. Reshford va Grilishni zo‘r futbolchilar sifatida bilamiz, ammo afsuski, oxirgi mavsumda doim ham ishonchni oqlashmadi. Ko‘p marta ulardan hafsala pir bo‘ldi, maydonga tushmasligini ham xohlab qoldik. Oqibatda Sautgeyt ham bu futbolchilarni jamoasiga jalb qilmadi, Reshfordni ham, Grilishni ham Yevroda ko‘rmaymiz. Aytmoqchimanki, bu musobaqada maydonga tushayotgan futbolchi borki, ayni damda yuqori sport formasida, o‘zining yaxshi davrini boshdan kechirayotgan bo‘ladi. Hatto odatda uzoq vaqt o‘z formasini ushlab tura olmaydigan, ba’zi qisqa davrlarda o‘zini ko‘rsatadigan futbolchilar ham yaxshi tayyorlanib, reja asosida shu davrda yuqori nuqtaga chiqib olishi mumkin.

Shuning uchun biz eski yulduzlarni eslaganimizda ham, aslida klublarda uzoq davr o‘ynagan, ko‘p yaxshi o‘yinlar o‘tkazishgan bo‘lsa-da, biror jahon chempionati yoki Yevro orqali xotiramizga muhrlaymiz. Zidan deganda, albatta, 1998 yoki 2006 yildagi jahon chempionati keladi. Roberto Badjo ancha avvalroq «Oltin to‘p» olgan bo‘lsa-da, uni o‘sha Braziliyaga qarshi o‘yindagi penaltisi orqali eslaymiz, Marko van Basten bombardir, demak juda ko‘p gol urgan, ammo Yevro-88 finalidagi goli uning tashrif qog‘oziga aylangan va hokazo.

«Oltin to‘p» uchun muhim musobaqa

Ronaldu va Messi asta-sekin futbolni tark etishyapti, demak bu sovrinni yutish ham osonlashadi. Bir yil davomida klublar darajasida juda yuqori saviyada o‘yin ko‘rsatishingiz mumkin, ammo agar Yevropa chempionatida siz emas, hatto jamoangiz qoqilsa, «Oltin to‘p» olish imkoniyatingiz keskin tushib ketadi. Mbappe mana shu bir oy yuqori saviyada o‘ynab, chempion bo‘lsa, Fodenni ham, Kroos yoki Bellinghemni ham osonlik bilan ortda qoldiradi. Hatto faqat bir turnirda o‘zini ko‘rsatib ham asosiy da’vogarga aylangan holatlar ko‘p. Kannavaro, Zammer yoki Modrichni eslash kifoya.

O‘z o‘zidan futbolchilar uchun ham bu turnirning ahamiyati katta bo‘laveradi. Biz ular klublarida katta maosh olishi, barcha e’tirofni yil davomida qabul qilishlarini bilamiz, ammo shu bilan birga ularning aynan Yevro yoki JCh ishtirokchisi bo‘laman deb klub almashtirganini yoki murabbiylar bilan ziddiyatga borganini ko‘ramiz. Nega?

Chunki baribir, yuqorida aytganimizdek, futbol tarixidi o‘zini muhrlash uchun bunday turnirlardan yaxshirog‘i yo‘q. Klublar futboli 90-yillardan keyin rivojlanib, bugungi kunga yetib kelgan bo‘lsa, milliy jamoalar futboli o‘tgan asr o‘rtalarida ham eng ommaviy voqelik bo‘lgan. Tabiiyki, bugungi Musiala, Bellinghem, Keyn, Yamal, Mbappe kabi yulduzlar o‘z ismlarini Pele, Eysebio, Maradona, Charlton kabilar iz qoldirgan sahifalarga yozib qo‘yishni orzu qilishadi.

Milliy jamoalarda transfer yo‘q

 

Go‘yoki jamoani yanada mukammallashtiradigan qurolning ishlamasligi ham ushbu musobaqalarni jozibali qiladi. Klublar o‘zi uchun og‘riqli pozitsiyalar uchun pul sarflab, istagan futbolchini sotib olishi mumkin. Agar biror mamlakatda top-darajadagi chap qanot himoyachisi yetishib chiqmasa, murabbiy bori bilan qanoatlanadi va shunga mos yechimlar qidirishga majbur. Bunday shartlarda ham futbolni kuzatish va tahlil qilish ancha zavqli bo‘ladi. Aynan shu nomukammallik futbolni go‘zallashtiradi, jalb qiladi, yangi yulduzlarni kashf etadi ham.

Misol uchun, klublar ma’lum darajada tabaqalangan va tarkiblar shunga asosan shakllanadi. «Manchester Siti» – boy klub, har bir chiziqda shunga yarasha futbolchilar bor. «Real»da yig‘ilgan futbolchilar ham saviya, ham maosh, ham umuman futboldagi o‘rni nuqtayi nazaridan bir-biriga yaqin, to‘g‘rimi?

Endi tasavvur qiling, norvegiyalik Erling Holand, dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biri va katta ehtimol, Angliya uchinchi ligasida to‘p suradigan boshqa bir norvegiyalik futbolchi bilan bir jamoada o‘ynaydi. Klublar futbolida faqat o‘xshab qolsa, mamlakat kubogi ilk bosqichlarida raqib bo‘lib qolishi mumkin bo‘lgan futbolchi bilan ayni maqsad, ayni orzu yo‘lida birlashadi. Yana tasavvur qiling, uelslik oddiy muxlis o‘z milliy jamoasida yosh Garet Beylni ko‘radi. Hatto «Tottenhem» muxlisi qachondir Beyldan ajralib qolishini aniq bilgan holda, o‘sha uelslik inson bir narsaga amin – Beyl endi faoliyatining oxirigacha uning jamoasida to‘p suradi. Bu axir futboldagi tenglikni, hayot insonlarni har qancha tabaqalashtirmasin, o‘rtadagi farq aynan futbol tufayli qisqarmayaptimi? 

Har jamoaning o‘z xarakteri bor

Biz har qancha harakat qilib, «kambeklar qiroli» unvonini avval «Manchester Yunayted», keyin «Real»ga tirkamaylik, bu aslida shunchaki jurnalistik hiyla ekanini va bunday o‘xshatishlar vaqtincha bo‘lib, o‘sha «Manchester Yunayted» hozirgisidan butunlay boshqacha bo‘lganini bilib turamiz. Ha, milliy jamoalarda ham futbol o‘zgardi. Angliya emas, Ispaniya krosslar bilan o‘ynamoqda, Italiya so‘nggi Yevroni yutganda umuman eski jamoalaridan farqli uslubda to‘p surdi. Futbol globallashib, hammasi aralashib ham ketdi, to‘g‘ri.

Ammo har bir millatning o‘z xarakteriga xos xususiyatlar ham hech qayerga ketgani yo‘q, baribir agar himoyada bexato o‘ynaydigan Italiya, penaltilar seriyasida yutqazaveradigan Angliya, pragmatik Germaniya, maftunkor Braziliya-yu, g‘alaba uchun hech narsadan qaytmaydigan Argentina asos sifatida qolaveradi. Chunki bu asos yaqin qaysidir bir necha o‘yinga emas, asrlarga cho‘zilgan tarixga taqalaveradi.

Tasavvur qiling, Chempionlar ligasi finalida «Real» va «Bavariya» o‘ynamoqda. Shunda «Real»ning falon yildan buyon umuman finallarda yutqazmaganini aytamiz, har yerda yoziladi, to‘g‘ri, lekin bilasizmi, bu shunchaki bir fakt ekani, bugungi natijaga ta’sir qilmasligini bilib turamiz. Ammo agar Angliya va Germaniya penaltilar seriyasiga qolishsa, inglizlarning bu borada omadsizligi eslanadi va bu juda jiddiy argumentga aylanadi. Ya’ni biz bugungi «Real» saksoninchi yillardagi «Real»dan butunlay boshqa, ammo shu Angliya ellik yil oldingi Angliya bilan umumiylikka ega ekanini qabul ham qilamiz, ishonavering. Go‘yoki, butun tarixdagi barcha Yevropa chempionatlari yaxlit bir butunlik bo‘lib, u yerda ishtirok etayotgan jamoalar aynan o‘zgarmas, o‘sha-o‘sha ekani tasavvuri bizni hech qachon tark etmaydi.     

Oxirigacha kurashmaydigan «Liverpul» futbolchisini ko‘rishingiz mumkin, ammo madhiyani yomon kuyladigan italiyalikni emas.

Atributlar

Eng muhim nuqta. Futbol oddiy sport emasligi aynan terma jamoalar bilan bog‘liq musobaqalarga qarab aytilganiga amin bo‘lish oson. Biz turli klublarda to‘p suradigan futbolchilarning hikoyalarini eshitganmiz, o‘qiganmiz. Albatta, ularni o‘qir ekansiz, futbolning insonlar hayotida tutgan o‘rni, uning bir inson hayotini qanchalik o‘zgartirib yuborishi mumkinligiga amin bo‘lamiz, ibrat olamiz. Lekin baribir, u hikoyalar shaxsiy. O‘sha futbolchining hayoti.

Milliy jamoa esa, umumiy. Bu yerda butun bir millat, katta bir mamlakat birgalikda aziyat chekadi, birgalikda quvonadi. Ernesto Valverdening muvaffaqiyatsiz davri uning hayotida qanchalik o‘zgarishlarga sabab bo‘lganini o‘qish ta’sirli, ammo Roberto Badjoning penaltisi butun mamlakatni yiqitgandi – bu umuman boshqa daraja. Derbilardagi intriga, bir shaharning ikkiga bo‘linishi, ha, ajoyib afisha, ammo bir mamlakatning bir onda quvonchga burkanishi-yu, bir onda sukut saqlashi, ishoning, umuman boshqa daraja.

Yevropa chempionati vaqtida maydondan tashqaridagi tasvirlar ham qiziq. Ana, bolakay Ronalduning libosini kiyib olibdi, demak portugal. Sochi sariq-ku, demak sochi sariq portugallar ham bo‘lar ekan. Xorvat qizlari chiroyli. Xorvat ekanliklarini qayerdan bilding? Shaxmat tasvirli bayroqni ko‘tarib olishibdi. O‘zbek katta do‘ppi kiyib oladi, kimdir o‘z milliy raqsini stadionga «tiqishtiradi», biri musulmon, biri boshqa dindan, farqli madaniyatlar, farqli e’tiqodlar... Insoniyat bir muddat mana shu farqliliklarni ko‘radi, ko‘rib ham, bu farqliliklarning aslida ahamiyati yo‘qligini ham tushunib yetgandek bo‘ladi, bir-biriga qiziqish bilan qaraydi, yaqinlashadi. Futbol tufayli.   

Keyin madhiyalar yangraydi. Har bir insonda qayergadir, nimagadir mansublik tuyg‘usini his qiladi. Inson o‘z holicha emas, boshqalar bilan munosabatlarda, mana shu umumiyatda inson ekanini anglab yetgandek bo‘ladi.

Hammasi tugab, futbol boshlanadi. To‘qson daqiqa nafaqat o‘zi uchun, mamlakati uchun yangi tarix yozishga urinayotgan yigirma ikki tentakni tomosha qilinadi. Qolgan hammasi unutiladi. Futbol muhimroq.

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid