Jamiyat | 08:10 / 17.06.2024
7217
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda o‘zganing plastik kartasidan 110 mln so‘m o‘g‘irlagan shaxs ushlandi 

U jabrlanuvchining qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qilgan va o‘zini to‘lov xizmatlaridan birining xodimi sifatida tanishtirib, plastik kartaga kiberhujum bo‘layotganini aytgan. Ushbu shaxs SMS xabarnoma yuborish orqali boshqaruv huquqini qo‘lga kiritib, 110 mln so‘m miqdoridagi pullarni o‘tkazib olgan.

Foto: Getty Images

Toshkent shahrida yashovchi 28 yoshli ayol N.A. IIOga murojaat qilib, bank kartasidan jami 110 mln so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari noma’lum shaxs tomonidan firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilganligini ma’lum qilgan.

Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Toshkent shahrida yashovchi X.R. sodir etganligi aniqlangan.

Unga ko‘ra, X.R. jabrlanuvchi N.A.ning qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qilgan va o‘zini to‘lov xizmatlaridan birining xodimi sifatida tanishtirib, uning bank plastik kartasiga kiberhujum bo‘layotganligini aytib, SMS xabarnoma yuborish orqali  boshqaruv huquqini qo‘lga kiritib, 110 mln so‘m miqdoridagi pullarni o‘tkazib olganligi ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan X.R.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi "b" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Qonunga muvofiq, JKning 169-moddasi 3-qismi "b" bandidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Mavzuga oid