Jamiyat | 19:00 / 20.06.2024
24635
7 daqiqa o‘qiladi

Inson tanasining dvigateli – yurakni xastalanishdan asrash. Kardiojarroh tavsiyalari

Respublika Ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida miniinvaziv kardioxirurgiya bo‘limi boshlig‘i, sohada 24 yillik tajribaga ega kardiojarroh Islom Sharipov tanadagi eng nozik a’zo – yurak xastaliklari va ularning kelib chiqishi, oldini olish choralari haqida o‘z tavsiyalarini berdi.

28 yoshida infarkt bilan murojaat qilganlar bor

Bugun yurak xastaliklari orasida eng ko‘p tarqalgani yurak ishemik kasalligi hisoblanadi, bu kasallikka asosiy sabab yurakni ta’minlovchi qon tomirlarda blyashkalar rivojlanib, qon oqimini pasaytirib yuboradi. Ishemiyaning keyingi bosqichi stenokardiya bo‘ladi, qon tomirlar ko‘proq yopilib qoladi, infarkt bilan tugab, o‘limga ham olib kelishi mumkin.

Ikkinchi o‘rinda orttirilgan yurak nuqsonlari. Bir qismi revmatik kasallik, bir qismi esa ko‘p yil yashagani sabab (degenerativ o‘zgarishlar oqibatida) kelib chiqadigan kasalliklar.

Uchinchisi esa tug‘ma yurak nuqsonlari. Bunday bemorlar yoshligida korreksiya bo‘ladi, ba’zi hollarda bilmay yurgan 18 yoshdan kattalar ham bo‘ladi.

Ishemik kasallik asosan 40 yoshdan katta odamlarda uchraydi, kardioxirurgiyaga yetib keladigan yoshi 60-65 yosh atrofida bo‘ladi. Lekin oxirgi yillar stenokardiya, infarkt bo‘lgan bemorlar yoshi pasayib boryapti, 28 yoshida infarkt bilan murojaat qilganlar bor. Umuman, 28-30 yoshdagi bemorlar uchrab turadi.

Miniinvaziv jarrohlik ommalashuvi

Ilk miniinvaziv jarrohlik amaliyotini 2005-2006 yillarda boshlaganmiz. Oxirgi 3 yildan beri videotorakoskopik usulga o‘tdik, 3,5-4 sm kesish orqali jarrohlik amaliyotlari bajaryapmiz.

Hozirgi kunda miniinvaziv jarrohlik asosan qovurg‘alar orasidan kesib, hech bir suyakka ziyon yetkazmasdan yurak operatsiyasi o‘tkaziladi. Torakoskop, 3D tasvir, yordamchi robot ko‘magida miniinvaziv jarrohlik amaliyotlarini bajarish tarqalgan.

Markazimizda 3 yildan beri miniinvaziv jarrohlik dasturini rivojlantirib kelyapmiz. Birinchilardan bo‘lib 3D torakoskop apparatini olib keldik, mutaxassislarimiz Avstriya, Shveytsariyada italiyalik, amerikalik mutaxassislar bilan tajriba almashib keldi.

Miniinvaziv jarrohlik afzalligi shundaki, sternotomiya bilan bog‘liq asoratlar bo‘lmaydi, reabilitatsiya davri juda qisqaradi, yoshroq bemorlar 3 haftada ishga chiqib keta oladi (sternotomiya, yoki to‘sh suyagi kesish orqali qilingan operatsiyadan keyin bu ko‘rsatkich 3 oyni tashkil etadi), juda kichik, yo‘qolib ketuvchi kosmetik effekt.

Germaniyada miniinvaziv jarrohlik allaqachon standart bo‘lishga ulgurgan. Biz ham bugungi kunda odamlar orasida mana shuni targ‘ib qilishga harakat qilyapmiz.

Chekadigan insonlarda asoratlar foizi balandroq bo‘ladi

Nikotinning qon tomirlarni shikastlovchi xususiyati bor. Chekkan odamning qon tomirlari boshqa odamlarinikiga nisbatan 15-20 yilga qariroq ko‘rinadi. Bunday insonlarda yurak qon tomirlaridan tashqari boshqa tomirlarida ham jiddiy torayishlar, ishemiya belgilari kuzatiladi. O‘pkasida jiddiy o‘zgarishlar bo‘ladi, rangi ham boshqacha o‘zgaradi. Ular narkoz olishi, narkozdan chiqishda sun’iy nafas olish apparatidan olishi qiyinroq bo‘ladi. Shuning uchun chekuvchi insonlarda operatsiya xavfi, asoratlar foizi balandroq bo‘ladi.

Bugungi kunda 80-90 foizdan ko‘p holatda yurak kasalliklarini davolash mumkin. Kasallik davolab bo‘lmaydigan holatga kelib qolsa ham, sun’iy yurak qo‘yish amaliyotlari paydo bo‘lyapti bugungi kunda. Bunday yurak 10-11 yilgacha ishlab berishi mumkin. Yurak almashtirish (ya’ni transplantatsiyasi) yo‘li ham bor, bu orqali yana 10-20 yilgacha yashash mumkin. Umuman, yurak kasalliklarining asosiy qismini davolasa bo‘ladi.

Yurakka zararli mahsulotlar – shakar, yog‘ va tuz

— Yurak birinchi navbatda o‘zi haydayotgan qondan oziqlanadi. Yurak qon tomirlari yaxshi bo‘lsa, qon bosimi me’yorida, xolesterin baland bo‘lmasa, yurak 120-130 yil ishlab bera oladi.

Bugungi zamonaviy odamning muammosi — kamharakatlik. Biz ko‘p narsa iste’mol qilamiz, lekin kam sarflaymiz. Olayotgan va sarflayotgan energiyamizni balansga keltirsak, optimal sharoitga keladi. Buni yoshlikdan bajarish kerak, chunki sog‘lom hayot tarzi — yurak uchun komfortli hisoblanadi. Shunda yurak ko‘p yillar davomida o‘z funksiyasini yaxshi bajaradi.

Yurakka eng zararli bo‘lgan mahsulotlar - juda yog‘li, shakarli va tuzli mahsulotlardir. Odamlar kardioxirurgiyaga yetib kelmasliklari yoki kechroq kelishlari uchun birinchi o‘rinda sog‘lom ovqatlanish, sport bilan shug‘ullanish kerak. Shveytsariyada bizga murojaat qiladigan bemorlarning yoshi o‘rtacha 78 yosh bo‘lgan, sog‘lom turmush tarzi sabab shunga erishgan ular.

 Yaqin 10 yilda kardioxirurgiya rivoji haqida

Avvalo miniinvaziv texnologiyalar rivojlanadi, chunki bunga talab katta, bugungi kunda tez va kosmetik effektlarsiz bajarilishi kerak.

Keyin, yangi vizualizatsiya texnologiyalari rivojlanadi, torakoskop kabi. Tibbiyot robotlari ham kirib keladi, masalan, “Da Vinchi” roboti orqali yurakdagi amaliyotlar ham bajarilishni boshlangan. AQSh, Yaponiya, Koreyada bunday amaliyotlar juda kup bajarilmoqda, robotlar rivojlanib, ishlatish osonlashib boraveradi. Sun’iy yurak ham rivojlanadi, chunki donorlar kam yurak almashtirish uchun, ehtiyoj bor bunga.

Yurak jarrohligi amaliyotidan keyingi bir necha haftalik reabilitatsiya davrida kuchliroq ovqat yeyish kerak, chunki yangi to‘qimalar kerak bo‘ladi kesilgan joylarga, qon yo‘qotishning o‘rnini to‘ldirish kerak. Lekin bemor tiklanib olgach, parhez qilishi kerak bo‘ladi.

Yurak xastaliklariga chalinmaslik uchun avvalo, sog‘lom turmush tarziga amal qilish zarur. 40 yoshdan oshgach, har 6 oyda kardiolog nazoratida bo‘lishi kerak (Check-up programmalari).

Ko‘rsatuv Respublika Ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida suratga olindi.

Mavzuga oid