O‘zbekiston | 15:00 / 21.06.2024
12696
3 daqiqa o‘qiladi

Gaz qazib olish qisqarishda davom etmoqda, elektr energiyasi ishlab chiqarish ham kamayishni boshlagan

Joriy yilning 5 oyida gaz qazib olish 5,2 foizga, neft qazib olish 6,9 foizga, ko‘mir qazib olish 3,7 foizga, dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish 12,6 foizga qisqardi. Elektr energiyasi ishlab chiqarish ham kamayishni boshlagan.

Foto: Kun.uz

Statistika agentligi 2024 yilning yanvar-may oylaridagi sanoat ishlab chiqarishi bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qildi.

Qayd etilishicha, joriy yilning dastlabki 5 oyi davomida gaz qazib olish hajmi 18,8 mlrd kub metrni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1 mlrd kub yoki 5,2 foizga qisqargan.

2024 yilning yanvar-may oylaridagi gaz qazib olish ko‘rsatkichlari:

  • Yanvar – 3,99 mlrd kub (o‘tgan yilning mos davrida – 4,31 mlrd kub);
  • Fevral – 3,71 mlrd kub (3,85 mlrd kub);
  • Mart – 3,89 mlrd kub (4,16 mlrd kub);
  • Aprel – 3,7 mlrd kub (3,94 mlrd kub);
  • May – 3,52 mlrd kub (3,6 mlrd kub).

Ma’lumot uchun, 2022 yilda ham gaz qazib olish 53,8 mlrddan 51,67 mlrd kub metrgacha yoki 4 foizga, 2023 yilda esa 51,67 mlrddan 46,71 mlrd kub metrgacha yoki 9,6 foizga qisqargan.

2017-2023 yillar oralig‘ida tabiiy gaz qazib olish hajmining o‘zgarishi (Statistika agentligi ma’lumotlari):

  • 2017 yil – 56 mlrd 417,6 mln kub metr;
  • 2018 yil – 60 mlrd 396,5 mln kub metr;
  • 2019 yil – 60 mlrd 537,5 mln kub metr;
  • 2020 yil – 49 mlrd 736,2 mln kub metr;
  • 2021 yil – 53 mlrd 802 mln kub metr;
  • 2022 yil – 51 mlrd 678,4 mln kub metr;
  • 2023 yil – 46 mlrd 710,3 mln kub metr.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib olish muttasil ravishda qisqarib bormoqda. Xususan, 2019–2023 yillar oralig‘ida bu qisqarish 22,8 foizni tashkil qilgan. Mahalliy ishlab chiqarishning kamayishi Turkmaniston va Rossiyadan gaz importi hisobiga qoplanyapti.

Dastlabki 5 oylikda ko‘mir qazib olish 1901,5 ming tonnani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 73,7 ming tonna yoki 3,7 foizga qisqargan.

Shuningdek, hisobot davrida neft qazib olish 327,6 ming tonnadan 305 ming tonnaga kamaygan bo‘lsa, gaz kondensati ishlab chiqarish 511,2 ming tonnadan 527,5 ming tonnaga oshgan.

Yanvar-may oylarida elektr energiyasi ishlab chiqarish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,3 foizga yoki 426 mln kWhʼga kamaygan. Xususan, 2023 yilning 5 oyida 31,58 mrld kWh elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich joriy yilning mos davrida 31,16 mlrd kWhʼgacha pasaygan.

Hisobot davrida dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish 439,8 ming tonnadan 384,4 ming tonnaga (-12,6 foiz) qisqargan bo‘lsa, benzin ishlab chiqarish 550,8 ming tonnadan 568,9 ming tonnaga (+3,2 foiz) oshgan. 

Mavzuga oid