O‘zbekiston | 14:05 / 21.06.2024
7931
2 daqiqa o‘qiladi

Oliy sud raisi o‘rinbosari Raqobat qo‘mitasiga rais bo‘ldi

Senat yalpi majlisida Xalilillo To‘raxo‘jayev Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi etib saylandi.

Foto: Senat matbuot xizmati

Senatning ellik uchinchi yalpi majlisida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisini saylash masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Senatorlar mazkur masala yuzasidan o‘z munosabatlarini bildirdi hamda Xalilillo Sobirjonovich To‘raxo‘jayev Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi lavozimiga saylandi.

Xalilillo Sobirjonovich To‘raxo‘jayev 1972 yil 21 yanvarda Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, huquqshunos, 1-darajali adliya maslahatchisi. 

U 1997 yil Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1991 yilda Toshkent shahar Hamza tumani sudining kureri lavozimida ishlashdan boshlagan. 1992-2008 yillarda sud tizimida turli lavozimlarda mehnat qilgan.

2008-2014 yillarda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti devoni huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat maslahatchisi xizmatining adliya va sud idoralari faoliyati masalalari bo‘yicha yetakchi inspektori, Sud tizimi faoliyati masalalari bo‘yicha yetakchi inspektori, 2014-2017 yillarda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi raisi, 2017 yil 12 aprelidan 12 dekabriga qadar prezidentning Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati davlat maslahatchisi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. 

Xalilillo To‘raxo‘jayev 2017 yildan 2020 yilgacha Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi direktori lavozimida ishlagan. 2020 yil iyundan 2021 yil yanvarigacha Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining raisi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

2021 yil fevralida Oliy sud raisining o‘rinbosari — Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimiga tayinlangandi.

Raqobat qo‘mitasi raisi lavozimi 2023 yil noyabrida Shohrux Shorahmedov ketganidan buyon bo‘sh qolmoqda edi.

Mavzuga oid